Uch viloyatda tashkilot xizmatchilari pora bilan qoʻlga tushdi

    Qashqadaryo, Buxoro va Fargʻonada pora evaziga ishga kiritib qoʻymoqchi boʻlgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura Departamenti maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, departament oʻtkazgan tezkor tadbirda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi “D.K.” AJ qoʻriqchisi M.A. S.U. va Yo.I.lardan 2 500 AQSH dollari evaziga ushbu korxonaga ishga kiritib qoʻyishini aytib, pulni olganida ushlangan.

    Shu kabi holat yana kuzatilgan: Shofirkon tuman Tibbiyot birlashmasi boʻlim hisobchisi Yu.H. fuqaro S.Zni ushbu tibbiyot birlashmasiga ishga joylab qoʻyishi evaziga 700 AQSH dollarini olgan chogʻida qoʻlga olingan.

    Fargʻona viloyatida esa “Toshloqtumangaz” gazchisi M.M. va boshqalar fuqaro A.Sni mazkur gaz taʼminoti korxonasiga ishga joylab qoʻyishini aytgan. Soʻngra 1,7 mln soʻm va 500 AQSH dollarini qoʻlga kiritganliklari aniqlangan. Keyin firibgarlar olgan poraning 640 AQSH dollarini qaytargan va bu protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.