Uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlandi

    1-Qoraqalpogʻiston okrug saylov komissiyasining navbatdagi yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining tarkibini tasdiqlash masalasi koʻrib chiqildi hamda saylovni oʻtkazish boʻyicha kalendar rejaga muvofiq amalga oshiriladigan tadbirlar muhokama qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 23-moddasiga muvofiq, uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida besh-oʻn toʻqqiz nafar aʼzodan, shu jumladan rais, rais oʻrinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi.

    Uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilib, bu nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

    Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi uchastka saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar Xalq deputatlari Nukus shahar va barcha tuman Kengashlarining tegishli sessiyalarida muhokama qilinib, tasdiqlash uchun 1-Qoraqalpogʻiston okrug saylov komissiyasiga taqdim qilindi.

    Yigʻilishda xalq deputatlari shahar va tumanlar Kengashlari tomonidan uchastka saylov komissiyalari aʼzoligiga tavsiya etilgan nomzodlar 1-Qoraqalpogʻiston okrug saylov komissiyasining tegishli qarori bilan tasdiqlandi.

    Shundan soʻng oʻtkazilgan brifingda taʼkidlanganidek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha 656 ta saylov uchastkasiga rais va ularga 8 ming 386 aʼzolari tasdiqlandi. Komissiya aʼzolarining 4 ming 458 nafari avval ham saylov jarayonlarida ishtirok etgan tajribali xodimlardan iborat. 3 ming 928 nafari esa ilk bor bu jarayonlarda ishtirok etmoqda.

    Uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining 5 ming 893 nafari oliy maʼlumotli, 2 192 nafari oʻrta maʼlumotga ega mutaxassislar. Saylov uchastkasi aʼzolari asosan huquqshunos, shifokor, pedagog, iqtisodchi, muhandis, jurnalist va shu kabi boshqa sohalar vakillari orasidan saylangan. Joriy siyosiy jarayonlarda 21 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan 1 ming 453 nafar yoshlar uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga tasdiqlandi. Komissiya aʼzolarining 3 ming 750 nafari ayollardan iborat.

    Minajatdin QUTLIMURATOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri