Ayniqsa, yangi tarixga, uchinchi Renessansga qadam qoʻyayotgan oʻzbek xalqining ramziy timsoli boʻlmish “Yangi Oʻzbekiston” bogʻining, oʻzida uch ming yillik milliy davlatchilik tarixini gavdalantirgan muhtasham badiiy obida — Mustaqillik monumentining barpo etilishi Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yillik toʻyiga munosib toʻyona boʻldi. Monumentning eng yuqori qismidan oʻrin olgan tinchlik va erkinlik, ezgulik va farovonlik timsoli — Humo qushi bamisoli uning gultoji boʻldi. Ozod va farovon diyorda Vatan taqdiri bilan bogʻliq orzularimiz, maqsadu rejalarimiz Humo qushidek erkin qanot yozajak.
Birgina oliy taʼlim tizimiga doir kelgusidagi yuksak vazifalar, soʻnggi besh yil ichidagi mislsiz oʻzgarishlar, islohotlar misolida aytishimiz mumkinki, yurtimiz osuda, qalblarimiz xotirjam ekanki, biz oʻzimizni, bor kuch-gʻayratimiz, butun fikru zikrimizni mana shunday ulugʻ ishlarga safarbar etmoqdamiz. Xususan, Prezidentimiz maʼruzalarida yangi Oʻzbekiston poydevori faqat va faqat taʼlim, bilimga bogʻliqligi, Vatanimizning kelgusidagi taraqqiyotida ilm-fanga tayanishimiz lozimligini bot-bot taʼkidlamoqda.
Shu nuqtayi nazardan, ilm kishilari, ziyolilar, oʻqituvchilarni jamiyatdagi eng nufuzli kasb egalari boʻlishi uchun juda katta eʼtibor berilmoqda. Oliy taʼlim sohasidagi dastlabki islohotlar, avvalo, qamrovni oshirish, institut va universitetlarning moliyaviy holatini yaxshilash, professor-oʻqituvchilarni moddiy qoʻllab-quvvatlashga qaratildi. Pedagoglarning maoshi oʻrtacha 3,5 baravarga oshirildi, sohaga oid boʻlmagan barcha majburiy mehnatdan ozod etildi.
Shu bilan birga, joriy yilning 16-iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan oliy taʼlim tizimidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi taʼlimga oid davlat siyosatining yangi, muhim bosqichga koʻtarilganini koʻrsatdi. Unda belgilangan oliy taʼlim muassasalari boshqaruv kengashlarining rolini oshirish va kafedralar vakolatlarini kengaytirish, oʻquv jarayonini bozor talablariga moslashtirib, ishlab chiqarish bilan uzviyligini taʼminlash va talabaning oʻz ustida ishlashi uchun muhit yaratish, oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish, professor-oʻqituvchilar va talabalar uchun qogʻozbozlikni kamaytirish, sohani raqamlashtirish orqali byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish bilan yetuk, malakali, raqobatbardosh kadrlar yetishtirish kabi vazifalar zamirida ilm-maʼrifatga qaratilagan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik mujassam.
Kelgusi yildan doktoranturaga kvotalar sonining 2 baravar koʻpaytirilishi, keyingi yillardan har yili 50 foizga oshirib borilishi, buning uchun har yili byudjetdan qoʻshimcha 100 milliard soʻm ajratilishi, bundan tashqari, har bir tarmoq oʻz sohasiga tegishli oliygohlarga doktorantlar kvotasi uchun yana 10 milliard soʻmdan ajratishi oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyati masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotganiga yorqin misoldir. Qolaversa, dunyo miqyosida TOP-1000 talikka kirgan oliy taʼlim muassasalarini bitirgan va chetda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qoʻshimcha haq toʻlash tizimi joriy etiladigan boʻldi.
Iloji boricha koʻproq yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olish orqali chet elga turli maqsadlarda chiqib ketayotgan oʻgʻil-qizlarni ota-onasining bagʻrida, koʻz oʻngida ilm yoki kasb-hunar bilan band boʻlishini taʼminlash insonparvar islohotlarning bir koʻrinishidir. Raqamlarga eʼtibor qaratsak, bu yil oliy taʼlimga qabul kvotasi soni oʻtgan yilga nisbatan 13 foizga oshirilib, 181 mingga yetkazildi. Respublika boʻylab 1 million 500 ming nafardan ziyod yoshlar hujjat topshirdi. Quvonarli yangiliklardan biri, yangi oʻquv yilidan 22-28 foizli 3 yillik taʼlim krediti 14 foizga tushirilib, 7 yilga beriladigan boʻldi. Kreditni qoplashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar esa soliqdan ozod qilinadi.
Prezidentimiz “Yoshlar — ertangi kunimiz drayverlaridir”, deya taʼkidlaydi. Drayverlarni harakatga keltiruvchi kuch esa ilm va biz, pedagoglardir. Prezidentimiz, hukumatimiz tomonidan yaratilayotgan keng imkoniyat, ragʻbat va yuksak ishonchga munosib boʻlish har birimizni ilm olishga, astoydil mehnat qilish va yurtimiz ravnaqi uchun oʻz hissamizni qoʻshishga undashi lozim.
Bugun qaysi kasb egasi boʻlmaylik, qoʻlni qoʻlga berib, sobit ishonch va shijoat bilan gʻayrat qilsakkina, koʻzlangan manzil — Uchinchi Renessans tomon ildamroq yetib boramiz. Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramida soʻzlagan nutqiga munosabatim, undan chiqargan xulosam hamda hayotimdagi oliy vazifam aksini rus maʼrifatparvari Suxomlinskiyning shiorimga aylangan quyidagi soʻzlari orqali izohlashni lozim topdim:
“Vatanparvarlik – nomusli va nazokatli tuygʻudir… Muqaddas soʻzlarni ehtiyot qil, Vatanga muhabbat xususida duch kelgan joyda ogʻiz koʻpirtirma. Yaxshisi uning farovonligi va qudrati yoʻlida indamaygina mehnat qil”.
Oʻktam SALOMOV,
Fargʻona politexnika instituti rektori