Hozirgi kunda hududdagi 760 ta xonadonda 4 ming 100 nafar aholi istiqomat qiladi. Qishloq aholisiga tomorqa sifatida ajratilgan 47 gektar yerning 36 gektarida issiqxonalar tashkil etilgan.
Kamolxon Turopov mahallaning limon yetishtirish borasida katta tajribaga ega mirishkor dehqonlaridan hisoblanadi. Hamqishloqlari singari uning xonadonidagi termos usulida isitiladigan 20 sotixli kamxarj issiqxonasida yiliga oʻrtacha 14 tonna limon olinadi. Bugun bozordagi eng arzon narxda ham bu 70-80 million soʻmni tashkil etadi.
Mazkur hududda yetishtirilgan limon va meva-sabzavotlarni qish mavsumida ham bir maromda saqlash maqsadida mahalliy tadbirkorlar tashabbusi bilan 1 ming 150 tonna sigʻimga ega ikkita zamonaviy muzlatgichli omborxona barpo etilgan.
Hozirda uchkoʻpriklik mirishkor tomorqachilar tomonidan kuniga 20-40 tonna limon Rossiyaning turli hududlariga eksport qilinmoqda.
Maʼlumot uchun, Uchkoʻprik tumanida 13 ta mahalla fuqarolar yigʻini limon yetishtirishga ixtisoslashgan. Mazkur mahallalardagi xonadonlar tomorqalarida qariyb 73 gektar issiqxonalar mavjud boʻlib, ularda yiliga oʻrtacha 4 ming 500 tonna limon yetishtiriladi. Joriy yilda yetishtirilgan limon hosilining 3 ming tonnaga yaqinini xorijga eksport qilish va 3 million 600 ming dollardan ortiq valyuta tushumini taʼminlash koʻzda tutilgan.
Ayni vaqtda tumanda qishloq xoʻjaligida yangi tarmoq, sitrus meva - laym yetishtirish rivojlanib bormoqda. Avvalari laymlar xorijdan import qilingan boʻlsa, endi mahalliylashtirish evaziga ichki isteʼmoldan ortgan mahsulot chet davlatlarga eksport qilinmoqda.
Joriy mavsumda viloyat bojxona boshqarmasi tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari tomonidan qiymati 14,7 ming dollarlik, 14,9 tonna laym mahsuloti eksportga rasmiylashtirilgan.