“Uchqurgʻon” chegara bojxona posti ochildi

    Bojxona postidan bir kunda oʻrtacha 10 ming nafar fuqaro bemalol harakatlanishi mumkin. Post orqali 500 tadan ortiq yukli hamda 300 dan ortiq yengil avtotransport vositalari harakatlanishi kutilmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasining “Uchqoʻrgʻon-avtoyoʻl” va Qirgʻiziston Respublikasining “Kensay-avtoyoʻl" nazorat-oʻtkazish punktlari faoliyatining qaytadan yoʻlga qoʻyildi. Bu nafaqat Namangan va qoʻshni davlatning Jalolobod viloyatlari aholisi farovonligini oshirishga hissa qoʻshishi, balki butun Fargʻona vodiysida tashqi savdo yuklari harakatida yangi davrni boshlab beradi.

    Faqatgina shu emas, mazkur yangilik nafaqat Oʻzbekiston balki mintaqada turizm imkoniyatlarini kengaytiradi. Chunki, aynan ushbu post mamlakatimizga tashrif buyurgan turistlarning Qirgʻiziston hamda Xitoyga oʻtib qaytishlari va tranzit oʻtishlari uchun eng qisqa va qulay hisoblanadi.

    “Uchqoʻrgʻon” chegara-bojxona posti geografik jihatdan bevosita Qirgʻiziston Respublikasining “Oʻsh-Bishkek” dovon avto yoʻliga yaqin hisoblanadi.

    Xorijiy va milliy tashuvchilar eng qisqa va qulay yoʻnalish orqali vodiy viloyatlaridan qishloq xoʻjaligi va sanoat mahsulotlarining nafaqat chegaradosh, balki xorijiy davlatlarga eksporti yanada tezlashadi.

    Shuningdek, Tojikiston Respublikasi Xoʻjand viloyatidan Rossiya, Xitoy hamda Qirgʻiziston davlatlariga olib oʻtiladigan tranzit yuklar ham “Uchqoʻrgʻon” chegara posti orqali harakatlanishi natijasida Andijon viloyati “Doʻstlik” chegara postidagi transport oqimi 30-40 foizga kamayishi kutilmoqda.