Bugun Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev Germaniyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Overfeld bilan uchrashdi. Uchrashuvda Jahongir Ortiqxo‘jaev Germaniya elchisiga COVID-19 bilan bog‘liq sinovli kunlarda ko‘rsatilgan amaliy yordam uchun minnatdorlik bildirdi. Butun dunyo davlatlari va shaharlari COVID-19 sharoitida yashash va ishlashga moslashayotganligini ta'kidlab, Toshkentda ham turli sohalar faoliyatini tiklash va bir maromda ishlashiga erishish uchun zarur choralar ko‘rilayotgani, sharoitlar yaratilayotganligini ta'kidladi.

Germaniya elchisi O‘zbekiston va Toshkent bilan hamkorlikni qadrlashi, 2020 yilga qadar O‘rta Osiyo davlatlari bilan hamkorlikdagi loyihalarga yiliga 7 million yevro miqdorida investitsiya kiritgan bo‘lsa, 2021 yildan faqat O‘zbekiston uchun 120 million yevro miqdorida sarmoya kiritishga tayyorligini qayd etdi.

Shuningdek, muloqotda ikki tomonlama va o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish va rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Elchi Gyunter Overfeld ko‘plab nemis firma va kompaniyalarining O‘zbekistonga qiziqishi yuksak ekanligini va kelgusi yilda hamkorlik maqsadida yurtimizga Germaniyadan katta delegatsiya tashrifi kutilayotganligini ma'lum qildi. Hozirda xorijiy hamkorlar bilan birgalikdagi loyihalar videokonferentsiya muloqoti tarzida davom etayotganligini bildirib, Toshkent bilan ham shunday tadbirlarni uyushtirish taklifini aytib o‘tdi. Toshkentda ayni paytda samarali faoliyat yuritayotgan Nemis savdo palatasi hamda KFW bank turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish uchun amaliy yordamga tayyor ekanligini bildirdi.

Bundan tashqari, suhbat davomida ilm-fan va madaniy aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Toshkentda nemis tiliga ixtisoslashgan o‘quv maskanlarini ko‘paytirish, poytaxtimizda Germaniyaning nufuzli ta'lim maskanlarining filiallarini ochish, uzluksiz ta'limni qamrab oluvchi majmuani yaratish, turli sohalarda mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi qator masalalar muhokama etildi. Germaniya elchisi ayni paytda birinchi chet tili nemis tili bo‘lgan shahrimizdagi 60-maktabning qamrovini kengaytirish taklifini bildirdi. Hokimlik mutasaddilari esa Sergelida qurib, foydalanishga topshirilgan 4 ta umumta'lim maktablarining birini nemis tiliga ixtisoslashtirish mumkinligini aytib o‘tdilar.

Ushbu uchrashuvda chiqindilarni qayta ishlash, yo‘larda xavfsizlikni ta'minlash kabi qator yo‘nalishlardagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.