Oʻzbekiston professional futbol ligasi uchta jamoaga futbolchilar va murabbiylardan qarzi borligi uchun transfer taqiqi qoʻydi.
Xususan, “Navbahor” Xurshid Xoʻjayev va Rustam Ashurmatovdan, “Mashʼal” Xudoyor Sagdullayevdan, “Yangiyer” esa murabbiy Azamat Abduraimov va futbolchi Sarvar Husanovdan qarzdor.
Bu klublarga OʻFA yuzaga kelgan qarzdorlikni bartaraf etish boʻyicha muddat belgilagan edi. Lekin klublar ushbu qaror ijrosini oʻz vaqtida bajarmadi.
Shundan kelib chiqib, mazkur klublarga nisbatan “Futbolchilar maqomi va transferi boʻyicha reglamenti”ning tegishli bandi boʻyicha intizomiy jazo chorasi qoʻllanildi. Endi bu klublar yangi futbolchini Liga roʻyxatidan oʻtkaza olmaydi.