Uchta yangi roman kitobxonlar nigohida

    O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida uyushma a'zosi, yozuvchi Nabi Jaloliddinning “Urushning davomi”, “Umar Xayyom” va “Jallod ayol” nomli kitoblari taqdimoti o'tkazildi.

    Adabiy kechani uyushma raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid olib bordi.

    Yozuvchilar, shoirlar, adabiyot ixlosmandlari, adibning yaqinlari ishtirok etgan taqdimotda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, professorlar Bahodir Karim, Ulugʻbek Hamdam, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimlari Zuhriddin Isomiddinov, Qoʻchqor Norqobil soʻzga chiqib, yozuvchining ijodiy qirralari, yangi romanlarining mazmun-mohiyatiga toʻxtaldi.

    – Bugungi kunda Nabi Jaloliddin sermahsul yozuvchilardan biridir, – deya taʼkidlandi taqdimotda. – Uning har bir yangi asarida noodatiy mavzular kuzatiladi. “Jallod ayol” nomi bilan nashr etilgan romani ham ana shu kitoblarining davomidir. Asarni oʻqir ekansiz, unda hayratga tushishingiz, qarama-qarshi hislar tugʻyonini tuyishingiz mumkin. Asar hazrati inson har qanday sharoit va holatlarda ham inson boʻlib qolishga majbur ekani, buning uddasidan ming bir mashaqqat bilan boʻlsa-da, albatta, chiqishi lozimligini oʻrgatadi. Unda 36 yil oʻlim jazosini ijro qiluvchi vazifasida ishlagan ayol hikoyasi bayon qilinadi. Mazkur roman 2021-yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida 2000 nusxada chop etilgan. Unga Feruza Egamova muharrirlik qilgan.

    Muallifning “Urushning davomi” romani 2021-yilda Gʻafur Gʻulom nashriyotida 3000 nusxada chop etilgan. Kitob qissa, hikoyalar va romanni oʻzida jamlagan. Unda Afgʻon urushining ayanchli hamda iztirobli manzaralari tasvirlanadi. Yozuvchining urushda ishtirok etishi ikki hissa fojiadir. Urushda qatnashishdan koʻra u haqida yozish ogʻirroq. Shuning uchun ham roman oʻziga xos uslub va shaklda yozilgan. Asarning mazmun-mohiyati esa hech bir kitobxonni befarq qoldirmaydi.

    Yozuvchi Nabi Jaloliddinni “Umar Xayyom” romanining yangiligi esa – Xayyom ila Gʻazzoliyni doʻstlashtiradi, deya taʼkidlandi. Shoirning sheʼrlarini yangicha talqin qiladi. Chunki oʻz tasavvuridagi Umar Xayyomini romanda tasvirlaydi. Uni qanday qabul qilishni esa kitobxonlar ixtiyoriga qoldiradi.

    – Taqdimot Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan oʻtkazilganidan xursandman, tashkilotchilarga tashakkur, – deydi yozuvchi Nabi Jaloliddin. –Umar Xayyom haqida dunyo miqyosida koʻplab ilmiy va badiiy asarlar yaratilgan. Ularda mualliflar shoirni turlicha talqin qilishgan va koʻpchiligi uni dahriy, osiy inson sifatida tasvirlashgan.

    Ushbu asar 2021-yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida 1000 nusxada chop etilib, unga Iroda Rustamova muharrirlik qilgan.

    Taqdimotda muallif yigʻilganlarga yangi asarlaridan ulashdi.

    Zulayho Ahmadjonova,
    jurnalist