Uchtepa tumanining bir qator rahbarlari lavozimidan ozod etildi

    Voqea-hodisalar 24 Noyabr 2021 2005

    Tuman hokimi F. Abdullaevga hayfsan berildi.

    Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo'jaev boshchiligida Uchtepa tumani hokimligida yig'ilish bo'lib o'tdi. Sektor rahbarlari, shahar hokimi o'rinbosarlari, boshqarma va tashkilotlar mas'ullari ishtirok etgan tadbirda Ishchi guruh tomonidan Uchtepa tumanida aniqlangan xato va kamchiliklarga jiddiy baho berildi.

    J. Ortiqxo'jaev amalga oshirilgan ijobiy ishlarni e'tirof etgan holda ko'pgina sohalarda ba'zi mas'ullarning o'z vazifasiga loqayd, mas'uliyatsizlik, yuzaki yondashish holatlari hamon mavjud ekanligini keskin tanqid qildi.

    Xususan, bunday holatlar maktablar, jumladan, sinflardagi davomat, ta'lim sifati, bitiruvchilarning oliy o'quv yurtlariga kirishidagi past ko'rsatkichlar, shuningdek, maktabgacha ta'lim, qurilish, mahallalardagi tozalik, kichik korxonalardagi ish sharoitining talabga javob bermasligi, ko'chat ekish jarayonidagi yuzakichilik, chiqindilarni vaqtida olib chiqib ketilmasligi holatlari afsuslanarlidir.

    Ishda yo'l qo'ygan kamchiliklari uchun tuman hokimining o'rinbosarlari N. Ismatov, L. Almanov, maktabgacha ta'lim bo'limi boshlig'i N. Xanto'raeva, xalq ta'limi bo'limi boshlig'i O'. Qurbonov hamda turizm va sport bo'limi boshlig'i B. Nasibaliev lavozimidan ozod etildi. Tuman hokimi F. Abdullaevga hayfsan berildi.

    Yig'ilish yakunida mutasaddilarga o'z faolyatini jiddiy ko'rib chiqish, tanqidlardan tegishli xulosalar chiqarish, ishda ijobiy o'zgarishlar qilish vazifasi yuklatildi.

    Shuningdek, o'rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, kelgusida shunga o'xshash kamchiliklar kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan tizimli ishlarni tashkil etish topshirildi.