Avvalroq ushbu tajriba asosida har bir hududdan bittadan tanlab olingan 14 ta tumanda namunaviy tizim yaratish vazifasi qoʻyilgan edi. Shu maqsadda ishlar “mahallabay” tashkil etilib, energetika sohasidagi muammolarni joyiga chiqqan holda oʻrganish va manzilli choralar koʻrish yoʻlga qoʻyildi.

Bu 916 ta mahalla, 832 mingta xonadon, 49 mingta tadbirkorlik subyekti va 2,2 mingdan ortiq ijtimoiy soha obyektini qamrab oldi. Har bir mahalla boʻyicha energetik pasport va energiya resurslariga talab balansi shakllantirildi.

Natijada ilk bor mahallalar kesimida mavjud talab va imkoniyat oʻrtasidagi tafovut aniq hisob-kitob qilindi. Jumladan, 265 ta mahallada 60 megavatt elektr quvvati, 42 ta mahallada esa yiliga 47 million kub metr tabiiy gaz taqchilligi borligi aniqlandi. Ayni paytda 207 ta mahallada quvvat zaxirasi mavjud.

Bunday yondashuv kelgusida energiya resurslariga boʻlgan talabni oldindan hisoblash va zarur infratuzilmani oʻz vaqtida tayyorlash imkonini beradi.

Shu asosda elektr va gaz tarmoqlarini yangilash ishlari jadallashtirildi. 14 ta tumanda 5 ming 695 ta transformator, 6,9 ming kilometr elektr tarmogʻi, 242 kilometr gaz tarmogʻi hamda 404 ta gaz taqsimlash qurilmasi taʼmirtalab ekani aniqlandi. Ularning texnik holatini yaxshilab, “yashil” toifaga oʻtkazish ishlari boshlandi.

Hozirga qadar 441 ta transformator, 1 ming 134 kilometr elektr va 88 kilometr gaz tarmogʻi, shuningdek, 92 ta gaz taqsimlash qurilmasi taʼmirlandi.

Avvalgi yillarda investitsiya dasturlari doirasida boshlangan, biroq yakuniga yetkazilmagan obyektlarning bir qismi ham foydalanishga topshirildi.

Hisob-kitoblarga koʻra, kelgusi besh yilda mazkur tumanlarda energiya resurslariga talab 49 foizga oshishi kutilmoqda. Shu bois, istiqbolda ishga tushiriladigan loyihalarni hisobga olgan holda aholi va tadbirkorlarni energiya resurslari bilan ishonchli hamda barqaror taʼminlashga qaratilgan besh yillik dastur ishlab chiqildi.

Unda 721 ta mahallada 2 ming 261 ta transformator va 7 ming 449 kilometr elektr tarmogʻi, 200 ta mahallada esa 313 ta gaz taqsimlash qurilmasi va 327 kilometr gaz tarmogʻini yangilash belgilandi.

Bu ishlar natijasida hududlarda qoʻshimcha 1 ming 300 megavatt oʻtkazuvchanlik quvvati yaratilishi koʻzda tutilgan.

Ijtimoiy soha obyektlaridagi energiya isteʼmoli ham oʻrganildi. Jami 1 ming 938 ta obyektning energiya sarfi tahlil qilinib, samaradorligi past boʻlgan 226 tasi “qizil” toifaga kiritildi. Ularni energiya samarador tizimga oʻtkazish boʻyicha dastur ishlab chiqilib, amaliy ishlar boshlandi.

Ushbu chora-tadbirlar natijasida yiliga 4,3 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 2,1 million kub metr tabiiy gazni tejash imkoniyati yaratiladi.

Davlatimiz rahbari 14 ta tumanda qoʻllangan mazkur yondashuv bilan cheklanib qolmasdan, uni respublikaning barcha tumanlarida joriy etish zarurligini taʼkidladi.

Barcha hududlarda ishlarni “mahallabay” tashkil etish, energetik pasportlar va energiya isteʼmoli balansini shakllantirish, tarmoqlarning holatini manzilli oʻrganish hamda aniqlangan muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Maqsad – energetika sohasida “muammo paydo boʻlgandan keyin uni bartaraf etish” amaliyotidan “muammoni oldindan aniqlash, zarur choralarni rejalashtirish va uning oldini olish” tizimiga oʻtish.

Yig‘ilishda Samarqand viloyati hududiy elektr tarmoqlari boshqaruvini xorijiy investorlarga berish hamda “Surxon – Puli-Xumri” yuqori kuchlanishli tarmog‘ini barpo etish loyihalarini jadallashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.