Yer qaʼridan foydalanuvchilar va uglevodorodlarni qazib olish sohasida xizmatlar koʻrsatishga ixtisoslashgan pudratchi kompaniyalar oʻrtasida taqsimlanmaydigan tavakkalchiliklarga ega boʻlgan kontraktlar asosida uglevodorodlarni qazib olish mexanizmi tartibga solindi (21.07.2020-yildagi 448-son VMQga qarang).
Eslatib oʻtamiz, Prezidentning 2019-yil 9-iyuldagi PQ-4388-son qaroriga (17-bandga qarang) muvofiq ushbu tartib amaliyotga joriy etilgan.
Mazkur mexanizm quyidagi yer qaʼridan foydalanuvchilarga tatbiq etiladi:
- ustav fondida davlat ulushi 50% va undan ortiq boʻlgan davlat korxonalari va yuridik shaxslarga;
- davlat ulushi 50% hamda undan ortiq boʻlgan yuridik shaxsga ustav fondining 50%i va undan ortigʻi tegishli boʻlgan yuridik shaxslarga.
Uglevodorodlarni qazib olish nazarda tutilgan konlar roʻyxati yer qaʼridan foydalanuvchilarning takliflari asosida Energetika vazirligi tomonidan muntazam ravishda shakllantiriladi hamda Vazirlar Mahkamasi bilan kelishiladi.
Taqsimlanmaydigan tavakkalchiliklarga ega boʻlgan kontrakt (keyingi oʻrinlarda – kontrakt) – tanlov asosida aniqlangan pudratchi tomonidan uglevodorodlarni qazib olishni koʻpaytirish ishlarini (xizmatlarini) oʻz hisobidan hamda oʻz tavakkalchiligi asosida amalga oshirishni nazarda tutuvchi pudrat shartnomasi. Pudratchining sarf-xarajatlari qoplanishi sifatida ulushning va unga beriladigan mukofotning bir qismiga ega boʻlish huquqi taqdim etiladi.
Kontraktni amalga oshirishda barcha geologik, texnologik, texnik va moliyaviy tavakkalchiliklar pudratchining zimmasida boʻladi. Pudratchi sarflagan xarajatlar yer qaʼridan foydalanuvchi va davlat tomonidan qoplab berilmaydi.
Yer qaʼridan foydalanuvchilar va pudratchilar oʻrtasida kontraktlar 4 bosqichda tuziladi.
1-bosqichda yer qaʼridan foydalanuvchi:
- texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar asosida tanlov hujjatlarini tayyorlaydi, shu jumladan uglevodorodlarni bazaviy qazib olish hajmini belgilaydi;
- pudratchi kompaniyani (korporativ buyurtmachi sifatida) aniqlash boʻyicha tanlov savdolarini ular eʼlon qilingan kundan boshlab 2 oydan kam boʻlmagan muddatlarda oʻtkazadi.
2-bosqichda pudratchi:
- yer qaʼridan foydalanuvchi murojaat egan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida u bilan tanlov savdolari eʼlon qilingan konlar boʻyicha maʼlumotlarni oshkor etmaslik toʻgʻrisida bitim tuzadi;
- konlar boʻyicha yer qaʼridan foydalanuvchidan geologik-texnik maʼlumotlarni oladi, ularni tahlil qiladi, tanlov savdolari boʻyicha taklif tayyorlaydi hamda tanlov hujjatlarida belgilangan muddatlarda ularni yer qaʼridan foydalanuvchiga taqdim etadi.
3-bosqichda yer qaʼridan foydalanuvchi:
- tanlov ishtirokchilaridan takliflarni kechiktirmasdan qabul qiladi;
- tanlov hujjatlarida belgilangan muddatlarda tanlov komissiyasi tomonidan ishtirokchilarning takliflari baholanishini va gʻolib aniqlanishini tashkil etadi. Gʻolib (pudratchi) 100 foiz ulushli ishtiroki boʻlgan shuʼba yuridik shaxsini tashkil qilishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazishi lozim. Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan yuridik shaxslar – rezidentlar bundan mustasno.
4-bosqichda yer qaʼridan foydalanuvchi va pudratchi kelishilgan muddatlarda kontraktni tuzadi. Qaror bilan kontraktga qoʻyiladigan minimal talablar belgilangan.
Kontraktlar bir yoki bir nechta konlar boʻyicha 10 yilgacha boʻlgan muddatga, yer qaʼridan foydalanuvchi hamda pudratchining oʻzaro kelishuviga koʻra qoʻshimcha 5 yilgacha uzaytirish imkoniyati bilan tuziladi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 22.07.2020-yildan kuchga kirdi.
Elmira Siraziyeva.