Ugom-Chotqolda noqonuniy bulbul oviga chek qoʻyildi

    Yashil sayyora 6 May 2025 565

    Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumanida Ekologiya vazirligi tasarrufidagi Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi hududida navbatdagi nazorat reyd tadbirlari oʻtkazildi.

    Ekologiya vazirligi davlat ekologik nazorat inspeksiyasi hamda Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamentining maʼlum qilishicha, reyd davomida Toshkent shahar, Uchtepa tumanida yashovchi fuqaro R.F. bulbul sayroqi qushlarini noqonuniy ovlashga urinayotgan vaqtida ushlandi.

    Huquqbuzarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 90-moddasi 4-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Toʻplangan hujjatlar tegishli tartibda qaror chiqarish uchun sud organlariga yuborildi.

    Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 8-iyuldagi “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi 627-sonli Qonuniga muvofiq, joriy yil 1-martdan 15-avgustga qadar ov mavsumi yopilgan. Bu vaqtda yovvoyi hayvonlar va qushlarni ovlash qatʼiy taqiqlangan.