Ukam uchun kumush medal bilan kifoyalanmoqchiman — Hasanboy Doʻstmatov

    Sport 13 Dekabr 2022 1550

    Ikki aka-uka Doʻsmatovlar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionligi uchun 51 kilo vaznda boʻladigan final jangi yuz bermaydigan koʻrinadi.

    Kecha – 12-dekabr kuni Oʻzbekiston chempionatining yarim final janglari oʻtkazildi.

    Musobaqaning 51 kilogramm vaznida bahs olib borayotgan Hasanboy Doʻsmatov yarim finalda fargʻonalik Abdumajid Mannopovni magʻlub etib, finalga yoʻl oldi. Ushbu vaznning boshqa yarim finalida esa Doʻsmatovning ukasi Faryozbek final yoʻllanmasiga ega chiqdi.

    Ikki aka-uka Doʻsmatovlar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionligi uchun 51 kilo vaznda boʻladigan final jangi yuz bermaydigan koʻrinadi.

    Bu haqda Hasanboy Doʻsmatov yarim final jangidan keyin jurnalistlarga bergan intervyusida taʼkidladi.

    — Oʻn birinchi yoki oʻn ikkinchi marta Oʻzbekiston chempionatida qatnashishim. Ukam Faryozbek esa hali yosh. Uni qoʻllab-quvvatlash, boksdagi keyingi faoliyatiga dalda va ruhiy quvvat bagʻishlash uchun kumush medal bilan kifoyalanmoqchiman, — dedi Hasanboy.

    Eslatib oʻtamiz, bugun yarim final janglari poyoniga yetib, barcha finalchilar nomi maʼlum boʻladi. Ertaga chempionat ishtirokchilari uchun dam olish kuni. Boks boʻyicha Oʻzbekiston chempionatining final janglari 14-dekabr kuni boʻlib oʻtadi.