Uchrashuv davomida korrupsiyaga qarshi samarali kurashish va davlat organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash masalalari muhokama etildi.
Ukraina tomoni Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi sohasiga joriy etilayotgan axborot texnologiyalari va innovatsiyalarga yuqori baho berdi. Xususan, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (“Project.gov.uz”), Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (“Regulation.gov.uz”), Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron tizimi (“E-qaror”) ishlash tartibiga katta qiziqish bildirilib, ularning davlat boshqaruvi shaffofligini taʼminlashdagi oʻrnini alohida eʼtirof etildi.
Oʻz navbatida, ukraina tomonining eʼtiboriga Oʻzbekistonda davlat organlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash borasidagi soʻnggi islohotlar, normativ huquqiy hujjatlar loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha toʻplangan milliy tajriba, yuqorida koʻrsatilgan axborot tizimlarini joriy etish orqali erishilgan ijobiy natijalar haqida batafsil axborot berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar normativ huquqiy hujjatlar loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish uslubiyotini takomillashtirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlashga qaratilgan yangi mexanizmlarini ishlab chiqish va boshqa oʻzaro manfaatli sohalarda aloqalarni mustahkamlashga kelishib oldi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.