Bundan bir muddat oldin Ukraina ommaviy axborot vositalarida 18-sentyabr kuni Kiyev viloyatidagi issiqxonalardan birida majburiy mehnatga yaqin sharoitda boʻlgan vatandoshlar haqida maʼlumot paydo boʻldi. Vaziyat darhol qatʼiy diplomatik nazorat ostiga olindi.
Oʻzbekiston elchixonasi qisqa vaqt ichida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning qonuniy huquqlarini tiklash, Ukrainadan xavfsiz chiqib ketish uchun hujjatlar va tashkiliy masalalarni hal qilish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlarni tashkil etdi.
Muzokaralar natijasida barcha 19 nafar fuqaroga “jabrlanuvchi” maqomi rasman berildi, bu esa ularga nisbatan Ukraina qonunchiligi boʻyicha har qanday sanksiyalar qoʻllanilishini butunlay istisno qildi.
“XMTning Ukraina va Moldovadagi vakolatxonalarining bevosita mablagʻlari hisobidan shu yilning 28-oktyabr kuni Oʻzbekiston fuqarolari Kiyevdan Kishinyovga avtotransportda yetkazildi. Moldova poytaxtida boʻlish davrida xavfsiz yashash sharoitlari, oziq-ovqat va zarur yordam taʼminlandi. 2-noyabr kuni barcha 19 nafar vatandoshimiz XMT mutasaddilari hamrohligida Kishinyov-Istanbul-Urganch yoʻnalishi boʻyicha parvoz qildi va 3-noyabr kuni Oʻzbekistonga eson-omon yetib keldi”, — deyiladi xabarda.
Fuqarolarning vatanga qaytishi Oʻzbekiston diplomatiyasining xorijdagi vatandoshlar huquq va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha tizimli faoliyatining yana bir muvaffaqiyatli namunasi boʻldi.
Oʻzbekistonning Ukrainadagi elchixonasi oʻzlari boʻlib turgan mamlakatdagi vatandoshlarimiz bilan bogʻliq vaziyatni nazorat qilishda davom etmoqda, ularning qonuniy huquq va manfaatlari buzilishi toʻgʻrisidagi har qanday signallarga zudlik bilan javob bermoqda.









