Ukrainaning yangi elchisi Oʻzbekistondagi faoliyatini boshlaydi

    Xalqaro hamkorlik 1 Iyul 2020 1558

    Bugun, 1-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Ukrainaning Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Nikolay Doroshenkoni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

    Tashqi ishlar vazirligi Axborot xizmati xabarida keltirilishicha, vazir ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilar ekan, elchini ushbu lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va unga Oʻzbekiston – Ukraina oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashdagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

    Uchrashuvda turli sohalardagi Oʻzbekiston-Ukraina hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, turizm, taʼlim, tibbiyot va boshqa sohalardagi munosabatlarni rivojlantirishga alohida urgʻu berildi.

    Qoʻshma tadbirlarni, jumladan har tomonlama hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Ukraina Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisini oʻtkazish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

    Suhbat chogʻida koronavirus pandemiyasi ikki tomonlama savdo aylanmasi koʻrsatkichlariga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston va Ukraina ishbilarmon doiralari, savdo-sanoat palatalari va hududlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi tasdiqlandi.

    Tomonlar qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirishga, fan, texnika va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga tayyor ekanliklarini maʼlum qildilar.

    Muzokaralarda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

    Bundan oldin, Oʻzbekistonning Ukrainadagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Alisher Kurmanov 19-iyun kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligiga ishonch yorligʻi nusxasini topshirgan edi.