Mazkur murojaat yuzasidan Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati rasmiy munosabat bilan chiqdi.
Ma’lum qilinishicha, shahrisabzlik 2023-yil 7-fevralda tug‘ilgan bemor I. X. RSHTYOIM Qashqadaryo filiali reanimatsiya bo‘limiga 2023 yil 9 sentyabr kuni soat 15:32 da og‘ir ahvolda olib kelingan. Ota-onasining so‘zlariga ko‘ra, shu kuni soat 12 lar atrofida nazoratsizlik va ehtiyotsizlik oqibatida go‘dakka suvda eritilmagan yuqori konsentratsiyali sirka kislotasi ichirilgan. Oqibatda ahvoli og‘irlashgan go‘dak dastlab Shahrisabz tumani tibbiyot birlashmasi bolalar shifoxonasiga keltirilgan. So‘ng filialga yuborilgan.
Bemorga: "Sirka kislotasidan o‘tkir zaharlanish. Og‘iz bo‘shlig‘i, lablari, halqum, hiqildoq va qizilo‘ngach shilliq qavatlarining 1-2 darajali kimyoviy kuyishi.Toksik nefrit, toksik miokardit, toksik pnevmoniya" tashxisi qo‘yilib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan va standart bo‘yicha intensiv davo muolajalari bajarilmoqda.
Kasallikning 2-sutkasida yuqori nafas yo‘llari kuyishi natijasida yuqori nafas yo‘llari stenozi va shishi rivojlanib, bemorda nafas yetishmovchiligi 3-darajasi va yurak qon-tomir yetishmovchiligi natijasida to‘satdan yurak to‘xtashi kuzatildi. Intensiv reanimatsion choralar ko‘rilganidan so‘ng yurak urishi tiklandi va bemor sun’iy nafas apparatiga o‘tkazildi. Bemorda standart asosida to‘liq reanimatsion chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.
Murojaatda bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatgan shifokorlar sha’niga (masalan, "super-kontrakt"da o‘qigan" qabilida) asossiz gaplar aytilgan. Vaholanki, ular ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan oliy toifali vrachlar hisoblanadi. LOR shifokor sanitar aviatsiya yo‘nalishi orqali olib kelingan, go‘dakning ahvoli og‘irligi sababli u to‘g‘ridan-to‘g‘ri reanimatsiya bo‘limiga kelib, formasiz bo‘lsa ham shoshilinch yordam ko‘rsatishni lozim deb topgan.
Shundan so‘ng toksikolog, reanimatolog, kombustiolog, bolalar xirurgi va boshqa mutaxassislar ishtirokida konsilium o‘tkazilgan. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislaridan telemeditsina orqali tegishli tavsiyalar olinmoqda.
Ta’kidlash zarurki, 7 oylik chaqaloq uchun ushbu holat o‘ta og‘ir hisoblanadi. Bola organizmi hali bunday jarohatni ko‘tarishi qiyin. Bemor tana haroratining ko‘tarilishi toksik pnevmoniya bilan bog‘liq.