Ular borki, yurt osuda, qo'llar mehnatda

    Har gal qishloqqa borsam, yurtdoshlarimizning hayot tarzi, shirin tashvishlarini kuzatib, tinchligimizga shukrona aytaman. Qaerdadir to'y, qaerdadir tantana, qaysi bir oilada chaqaloq ovozi, qaysidir oilada go'daklarning shodon kulgisi...

    Xalqimizda “YAxshi niyat — yarim davlat” degan chiroyli hikmat bor. YOshi ulug'larimiz duolarining so'ngida “YAxshi niyatlaringiz hamrohingiz bo'lsin”, degan gapni aytishni kanda qilmaydi. Darhaqiqat, diyorimizda har kuni, har soat, har bir qilinajak amallarimiz ezgu tilaklar bilan boshlanadi. Duoga ochilgan qo'llar esa, eng avvalo, yurt tinchligini, osmon musaffoligini so'raydi. Tinchlik, osoyishtalik, shubhasiz, har bir o'zbekistonlik fuqaro uchun oliy ne'matdir.

    Kechagidek yodimda: mustaqillikning ilk kunlaridanoq mamlakatimizning moddiy va ma'naviy boyliklarini, diyorimizning xavfsizlik va hududiy yaxlitligini himoya qiluvchi barqaror demokratik rivojlanishning ishonchli va mustahkam kafolati bo'la oladigan milliy armiyani shakllantirish davlat siyosatining bosh omiliga aylandi. Mamlakatimizda mudofaa tizimini isloh etish va takomillashtirish yo'lida amalga oshirilgan ishlar salmog'ini bugun bir kitobga sig'dirib bo'lmaydi.

    Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining shonli yigirma to'qqizinchi yili bo'sag'asida ortimizga boqib, erishganlarimizni sarhisob qilsak, faxrlansak arziydigan ulkan ishlarni ko'ramiz. Tarix uchun qisqa bu davrda mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligi, sarhadlarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilishga qodir bo'lgan, zamonaviy, har tomonlama yaxshi qurollangan, hech kimdan kam bo'lmagan milliy armiyamizni shakllantirish bo'yicha ulkan ishlar amalga oshirildi.

    Davlatimiz rahbarining yaqinda parlamentga taqdim etgan Murojaatnomasida aytgan “Dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlar yaqin-uzoq mintaqalarda kuzatilayotgan ziddiyat va to'qnashuvlar sharoitida biz yurtimizda tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash borasidagi ishlarimizni yanada jadallashtirishimiz lozim. Kelgusi yilda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini rivojlantirish bo'yicha islohotlarimizni davom ettiramiz”, degan gaplarida yurt tinchligi va ravnaqi yo'lidagi jonkuyarlikni, shijoatni ko'rish mumkin. Prezidentimiz Qurolli Kuchlarimiz qudratini, qo'shinlarning professional va jismoniy salohiyatini yuksaltirish, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga alohida e'tibor qaratilishi zarurligini ham alohida ta'kidladi.

    Keyingi uch-to'rt yil mobaynida O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o'tash tizimining nufuzini yanada oshirish, shuningdek, mudofaa salohiyatimizni oshirib, har qanday xavf-xatarga munosib zarba bera oladigan qudratli, tezkor va samarali kuchga aylantirishga qaratilgan keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi.

    Davlatimiz rahbarining o'tgan yil 6 martdagi “O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori xalqimiz, ayniqsa, yoshlar qalbida milliy armiyamiz bilan faxrlanish, Vatan himoyachisidek sharafli kasbga hurmat-ehtirom hissini uyg'otishga xizmat qilmoqda. Navqiron yoshlarimiz ongi va shuurida harbiy xizmat qilish sharafli vazifa ekanini, vatanga xizmat qilish muqaddas burchligini anglash tuyg'usi kuchaymoqda.

    Mazkur qarorda harbiy xizmatga nomzodlarni tanlab olish bo'yicha yanada samarali tizim ishlab chiqish, Qurolli Kuchlarning jangovar tayyorgarligi va salohiyatini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga doir maqsad va vazifalar qamrab olingan. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safini har tomonlama etuk, sog'lom, jismonan baquvvat, intellektual salohiyatli yoshlar bilan to'ldirish, ularning ongida milliy g'urur, ona yurtga sadoqat va vatanparvarlik tuyg'usini kuchaytirish, shuningdek, muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan yoshlar bilan Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk davlat arboblari va sarkardalarimiz va ulug' ajdodlarimiz haqida davra suhbatlarini tashkil etish kabi dolzarb masalalar ilgari surilgan.

    Ma'naviyatli insonda Vatanni himoya qilish qudrati yuksak bo'ladi. Milliy armiyamizda ma'naviy tarbiya yo'nalishida ko'plab ishlar amalga oshirilyapti. Harbiy xizmatchilar ongi va tafakkuriga milliy istiqlol g'oyalari chuqur singdirib kelinayotgani natijasida Qurolli Kuchlar safidagi o'g'lonlarimiz yuksak aql-zakovati, intellektual salohiyati, ona xalqiga sadoqati kabi olijanob fazilatlari bilan ajralib turadi. Harbiy xizmatchilarning ma'naviy tarbiyasi sohasida oldimizda turgan muhim vazifalarni hal etishga nafaqat harbiy xodimlar, balki el-yurtimizga taniqli, katta hayot tajribasiga ega ziyolilar, olimlar, yozuvchilar ham salmoqli hissa qo'shib kelmoqda.

    Tarixda vatan qahramonlari ko'p bo'lgan. Ular haqida bitilgan dostonlarni tinglab minglab vatanparvar o'g'lonlar etishdi. SHulardan biri Alpomish haqida to'xtalishni joiz deb bilaman. Pahlavonning kuch-quvvati yuragida. Alpomishning butun matonati ana shu yurakdagi kuch-quvvatdan, yurakdagi o't, olovdan tug'ilgan. SHu olov uni o'z yurti, oilasi, or-nomusini himoya qilishga undaydi, uni o'z vatanining xaloskoriga aylantiradi. Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilayotgan yigit-qizlarimizni Alpomishning izdoshlariga o'xshatish mumkin. Ularning yuragi ham xuddi Alpomish bahodirning yuragi kabi baquvvat. Qalbi sadoqatga limmo-lim.

    SHayx Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi bobolarimizning vatanparvarligi, jasorati, mardligini farzandlarimizga doston qilib yodlatishimiz, ertak kabi ezgulikka aylantirishimiz har birimizning burchimizdir.

    Mahalla ko'chalarini kezarkanman, o'zlarini harbiylardek tutib, tengdoshlariga qo'rqmasligini, botirligini namoyish etmoqchi bo'layotgan bolalarni ko'rib ko'zim quvonadi. Mana, yurtimizning ertangi egalari. Bo'lajak vatan himoyachilari, bo'lajak chegarachilar. Bizning qudratimiz ularning norasida, pok qalbida ulg'aymoqda, yigitlik burchini o'tayotgan o'g'lonlarimizning bilagida kamolga to'lmoqda, harbiy hamyurtlarimizning yuragida yashamoqda. Zero, ular borki, biz shunday osoyishta, tinch, farovon hayotda erkinlikdan to'yib nafas olyapmiz.

    Bo'ri QODIROV,

    Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi

    bo'limi boshlig'i