Joriy yilning 12-iyun kuniToshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tashabbusi bilan Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovga bagʻishlangan “Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamonni kuylagan shoir” mavzusidagi “ZOOM” platformasi orqali onlayn – forum tashkil etildi. Onlayn forumni dastavval, kirish soʻzi bilan institut rektori professor Umurzakov Oʻktam Pardayevich samimiy istaklar bilan ochib berdilar.

Tadbirda moderatorlik qilayotgan institut yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori R.Choriyev onlayn forumning mohiyati bilan bogʻliq holda oʻz fikr-mulohazalarini aytib, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, senator Mahmud Toirga soʻz berdi. Mahmud Toir Abdulla Oripov ijodining elparvarlik va fidoiylik mahsuli ekanligini uqtirdi. Soʻngra Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot Universitetining Toshkent shahridagi filiali direktori, akademik Qalandar Abdurahmonov shoirning Italiya bilan bogʻlangan ijodiy faoliyati, xususan Dante Aligyerining “Ilohiy komediya”sini tarjima qilgani borasida soʻzlab, oʻzining Abdulla Oripovga ehtirom nuqtayi nazaridan “Buyuklar kahkashonida” nomli kitob yaratganini aytib oʻtdilar. Shuningdek, Italiya haqida “Goʻzal Italiya maftunkor diyor” nomli kitob chop ettirganini aytib har ikkalasini ham namoyish qildilar. Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universitetining professori Nurboy Jabborov oʻz nutqida agar hayot boʻlganlarida yurtboshimizning bugungi gʻoyalari va islohotlarini targʻibotchisi sifatida ularning oʻng qoʻl qanotida boʻlishlari shak-shubhasiz edi, deya taʼkidladilar.

Tadbirda shoirning rafiqasi Hanifa opa Abdulla akaning hayotiy kechinmalari va faoliyati borasida toʻlqinlanib gapirib uning sheʼrlaridan ayrim namunalarni oʻqib berdi. Shuningdek, Amerikada istiqomat qilayotgan shoirning katta qizlari Mavluda Oripova Amerikadan turib otasining umrining oxirgi yillarida 6 oy mobaynida dard bilan olishgani, shunda ham ijoddan toʻxtamagani qalam va qogʻozga sadoqati vatanga boʻlgan mehr bilan yoʻgʻrilganini eʼtirof etdi. “Imtihon” degan sheʼrini sharhlab berar ekan, otasining daʼvatkorona aytgan radif oʻrnidagi ushbu misrasini qayta-qayta eslatdi: Vatanni sevmoqlik imtihondir bu. Shuningdek, u “otamning har bir sheʼri uning hayotining, qalbidan kechgan tuygʻularning, iztiroblarining bir parchasi desam mubolagʻa boʻlmaydi” - deya taʼkidladi. Yana bir qizlari Shoira Oripova esa otasini eʼzozlab ularning nomini abadiylashtirish va chop etilmagan sheʼrlarni targʻib – tashviq etishga astoydil kirishgan isntitutimiz jamoasiga minnatdorchilik bildirdi.

Shu bilan birga tadbirda Qarshi davlat universitetinig professori Abdurahim Erkayev, Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi direktori Ubaydulla Oripov va uning shogird – oʻquvchilaridan Eʼzoza Alisherova va institutimiz professori falsafa fanlari doktori Qiyomiddin Nazarov, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining xodimi, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Rustam Musurmon adib bilan bogʻliq ibratomuz kechinmalarini soʻzlab berishdi. Soʻngra shoirning mashhur “Ketmoqdaman” sheʼri asosidagi qoʻshigʻini isteʼdodli sanʼatkor va olim, institutimiz professori Hojiakbar Hamidov ijro etib, ishtirokchilarning qalbiga yoʻl topdi. Institutimizning yosh magistrantlaridan Dilmurod Akbarov shoir ijodiyotidan ilhomlanganini, qator sheʼrlarida uning ijodiy va ijobiy taʼsirining yaqqol sezilishini qayd etdi.

Abdulla Oripov (Abdulla aka) haqida soʻz ketganda oʻzbekning tanti va jaydari farzandi koʻz oldimizda gavdalanadi. Katta shoir hamisha oʻz vaqtida maydonga keladi, u – hamisha tarixiy. Zotan, shoir oʻz xalqining ovozi, uning orzu-umidlari va inson qalbi iztiroblarining ifodachisidir.

Institutda ham adibning ijodini targʻib qilish maqsadida yoʻl xaritasi ishlab chiqilib shoir ijodi va hayot yoʻliga bagʻishlangan koʻplab maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy va ijodiy tadbirlar rejalashtirilgan.

Jumladan, Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bagʻishlangan muzey tashkil qilish, adibning ijodi va hayot yoʻliga bagʻishlangan onlayn-vebinarlar tashkil etish, Abdulla Oripov tugʻilib oʻsgan Qashqadaryo viloyati Koson tumaniga talabalar sayohatini uyushtirish, shuningdek, institutda Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlashva shu munosabat bilan respublika miqyosida konferensiya tashkil etish, Abdulla Oripov toʻgʻrisida hujjatli film yaratish, institutda “Abdulla Oripov izdoshlari” toʻgaragini tashkil etish, Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi bilan hamkorlikda tadbirlar tashkil etish institut tomonidan kelgusida amalga oshiradigan rejalar hisoblanadi.

Onlayn – forum ishtirokchilari tomonidan iliq kutib olinib, ijobiy fikr va mulohazalar hamda savol-javoblarga boy boʻldi.

Mazkur onlayn – forum “Oʻzbekiston-24” hamda “Mening yurtim 5” telekanallari tomonidan yoritildi.

Oʻzbeklarga xos donishmandlik, bagʻrikenglik, xokisorlik va andisha Abdulla Oripov hayoti va ijodiga singib ketgan. U oʻzbekning ramzi boʻlgan ijodkor. Bunday eʼtiroflar oʻz-oʻzidan dunyoga kelgan emas. Bir paytlar ovozi ikki daryo oraligʻida qolib ketganidan oʻksingan shoir istiqloldan keyin dunyo miqyosida eʼtirof etildi.

Rahimboy Jumaniyozov,
TIQXMMI matbuot xizmati rahbari