Bugun, 23-aprel kuni “Tashkent Law Spring” II Xalqaro yuridik forumi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Yevropa Ittifoqi, Davlat xizmatlari agentligi va Oʻzbekistondagi BMTTDning “Oʻzbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim etishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qoʻshma loyihasi koʻmagida “Davlat xizmatlari sohasidagi ilgʻor tajriba” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbirda Ozarbayjon Respublikasining «ASAN xidmet», Gruziya Adliya uyi, Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari, BMT Taraqqiyot Dasturi va Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi Delegatsiyasi vakillari, shuningdek, ushbu sohada ish olib borayotgan xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori Ulugʻbek Muhammadiyev oʻz nutqida Oʻzbekistonda davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻzlab berishi barobarida Agentlikning faoliyatidagi asosiy yutuqlari va ustuvor yoʻnalishlariga eʼtibor qaratdi. “Pandemiya kelajakda jahondagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni tamoman oʻzgartirib yuborishini barchamiz sezib turibmiz. Biz aholiga qulaylik yaratish va davlat xizmatlarini rivojlantirish uchun yangi yondashuvlar va yaqin hamkorlik asosida faoliyat koʻrsatishimiz zarur. Davlat xizmatlari agentligi doimo barcha ishtirokchilar bilan koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikka tayyor”, – deya taʼkidladi Ulugʻbek Muhammadiyev.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatlari va ijtimoiy innovatsiyalar davlat agentligi raisi Ulvi Ramiz oʻgʻli Mehdiyev “ASAN” xizmatini davlat xizmatlarini koʻrsatishning innovatsion formatining namunasi» sifatidagi yorqin tajriba ekanligini aytib oʻtdi. Hozirgi kunda davlatning rivojlanish darajasi mezonlaridan biri – davlat boshqaruvida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish salohiyatidir. Davlat xizmatlari va ijtimoiy innovatsiyalar boʻyicha davlat agentligi 2012-yilda Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tashkil etilgan boʻlib, hozirda u Ozarbayjonda davlat boshqaruvi sohasidagi islohotlarning ajralmas qismiga aylandi.
Qozogʻistonda davlat xizmatlarini koʻrsatish tajribasi haqida Qozogʻiston Respublikasi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri oʻrinbosari Aset Turisov soʻzlab berdi. Uning taʼkidlashicha, soʻnggi yillarda Qozogʻiston elektron hukumat sohasida sezilarli yutuqlarga erishgan: fuqarolarga davlat xizmatlarining 90 foizdan ortigʻi elektron shaklda (694 ta xizmatdan 581 tasi) koʻrsatiladi va joriy yil soʻnggiga qadar ushbu koʻrsatkichni 92 foizgacha koʻtarish rejalashtirilgan. Bugungi kunda Qozogʻiston yangi texnologiyalar asosidagi (proaktiv) va majmuaviy xizmatlarni joriy etmoqda. Xususan, shu kungacha insonlar hayotidagi muhim voqealarni hisobga oluvchi ana shunday proaktiv xizmatlarning 27 tasi amalda joriy qilingan.
Gruziya Adliya uyi rahbarining oʻrinbosari Natalia Abashmadze esa, oʻz chiqishida davlat xizmatlarini koʻrsatishning Gruziya modeli haqida soʻzlab berdi. Xususan, u Gruziyaning korrupsiyaga qarshi kurash yoʻlida qilingan ulkan ishlar va erishilgan muvaffaqiyatlar haqida, birinchi navbatda, davlat xaridlarining shaffof tizimi, davlat xizmatchilarining mol-mulkini aniqlash, fuqarolar va qaror qabul qiluvchi davlat xizmatchilarining bevosita koʻrishishini minimallashtiruvchi davlat xizmatlari koʻrsatishning front-ofis va bek-ofis tizimlari toʻgʻrisida soʻz yuritdi.
Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi hamkorlik boʻlimi rahbari Fransua Bejo davlat xizmatlarini takomillashtirish sohasida Yevropa Ittifoqi, BMT Taraqqiyot Dasturi va DXAning birgalikdagi saʼy-harakatlari haqida toʻxtalib oʻtdi. Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonda davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimi sifatini yaxshilash uchun Yevropaning eng ilgʻor tajribalari va zamonaviy yechimlardan foydalaniladi. Jarayonlarning raqamlashtirilishi foydalanuvchilarga davlat xizmatlarining katta qismidan masofadan turib shaxsiy kompyuterlar yoki mobil ilovalar orqali foydalanish imkonini beradi. Yevropa davlatlaridan kelgan mutaxassislar esa, yangi IT dasturlarini amalga oshirish, yangi tartiblarni ishlab chiqish va joylardagi DXMlar xodimlarini oʻqitishda Davlat xizmatlari agentligiga yaqindan yordam beradilar.
Oʻz navbatida, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska oʻz nutqida soʻnggi 20 yil davomida BMTTD davlatni boshqarish va elektron hukumat tizimini isloh qilishda Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlaganligini taʼkidladi. Xususan:
«Milliy hamkorlar bilan birgalikda biz davlat boshqaruvini optimallashtirish va davlat xizmatlarini koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha raqamli va innovatsion yechimlarni quyidagilar orqali amalga oshirmoqdamiz:
-
- davlat xizmatlarini koʻrsatish, davlat xizmatlarini isloh qilish, fuqarolarning jalb etilishi va elektron hukumat uchun meʼyoriy va institutsional bazani yaratish;
- vazirliklar, kompaniyalar va mahalliy hokimiyat organlarida korrupsiyaga qarshi muvofiqlik tizimini joriy etish orqali korrupsiya holatlarini cheklash;
- raqamli platformalar va davlat xizmatlarini raqamli oʻzgartirish orqali platformaviy yondashuvni va foydalanuvchilarga yoʻnaltirilgan xizmatlarni taqdim etishni targʻib qilish;
- hukumatning hisobdorligi va shaffofligi uchun ochiq maʼlumotlar, ochiq byudjetlar va elektron ishtirok etish tushunchalarini targʻib qilish;
- boshqaruv va xizmat koʻrsatishda innovatsiyalarni tajribada sinash.
Bizning ushbu sohadagi doimiy faoliyatimiz ham keng qamrovli boʻlib, u qishloq joylarida xizmat koʻrsatishni yaxshilash, odamlarning odil sudlov va parlamentdan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini himoya qilish va xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilashga yoʻnaltirilgan», – deb aytib oʻtdi.
Davlat xizmatlarini koʻrsatishda blokcheynni amalga oshirish boʻyicha xalqaro ekspert Sumaya Ben Dhau oʻz nutqida davlat xizmatlarini koʻrsatishda blokcheyn texnologiyasi qoʻllashning oʻziga xos jihatlari, imkoniyatlari va afzalliklari, shuningdek, xorijiy davlatlarda sinovdan oʻtgan eng ilgʻor tajribalar haqida batafsil soʻzlab berdi.