Ulugʻbek Rashidovning Olimpiadadagi oltinlari taqdiri nima boʻladi?

    Bu mavzu yuzasidan Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi izoh berdi.

    Xabaringiz bor, Taekvondo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoa aʼzosi, ikki karra Olimpiya oʻyinlari chempioni Ulugʻbek Rashidov antidoping qoidabuzarligini sodir etganligi sababli ikki yilga sportdan chetlatilgani maʼlum qilgan edik.

    Xoʻsh, Ulugʻbek Rashidovning Olimpiadadagi oltinlari taqdiri nima boʻladi? Bekor qilinadimi? Bu mavzu yuzasidan Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi izoh berdi.

    Taʼkidlanishicha, Jahon antidoping kodeksining 2.4 bandiga asosan sportchilar ADAMS tizimi orqali bir yil davomida uch marotaba joylashuv manzili haqida batafsil (uy manzili, xonadon raqami, kirish eshigi kodi (agar boʻlsa), qoʻshimcha telefon raqami) maʼlumot koʻrsatmagan yoki qisman maʼlumot koʻrsatmagan taqdirda bu holat qoidabuzarlikka sabab boʻladi.

    Sportchi U.Rashidovdan doping sinama olish uchun kelgan xalqaro doping ofitserlari u joylashgan manzilni topa olmagan (uy manzilini toʻliq koʻrsatmagan), uchinchi safar esa ADAMS tizimiga manzilni oʻzgartirishga ulgurmagan. Jahon antidoping kodeksiga asosan bu kabi xatolik bir yil ichida 3 marotaba kuzatilgani sababli Xalqaro testlash agentligi (ITA) tomonidan 2-yilga diskvalifikatsiya qilindi.

    "Shuni alohida taʼkidlab oʻtmoqchimiz, Ulugʻbek Rashidovning 2025-yil fevral oyiga qadar qoʻlga kiritgan oʻrinlari saqlab qolinadi. Bu qoida buzilishi Tokio 2020 va Parij 2024 Olimpiya oʻyinlarida qoʻlga kiritilgan oltin medallarga taʼsir oʻtkazmaydi. Faqatgina 2025-yil 25-fevral va 2025-yil 13-may kuniga qadar qoʻlga kiritgan sovrinlari bekor qilinadi", deyiladi sharhda.

    Maʼlumot uchun, diskvalifikatsiya muddatini oʻtayotgan sportchi har qanday turdagi xalqaro va mahalliy sport musobaqalarida ishtirok etishi taqiqlanadi. Agar bu holat kuzatilgan taqdirda qoʻshimcha jazo qoʻllaniladi.