Ulyanovsk viloyatida poyezd teplovoz bilan to'qnashib ketdi, jarohatlanganlar bor

    Ulyanovsk viloyatida Permdan Adlerga harakatlangan yo'lovchi poyezdi manyovr teplovozi bilan to'qnashib ketdi, 25 kishi jabrlandi, deb xabar berdi “Rossiya temir yo'llari” matbuot xizmati Telegram-sahifasida.

    “Moskva vaqti bilan soat 14:49 da Bryandino (Ulyanovsk viloyati) stansiyasida 354-sonli Perm – Adler yo'lovchi poyezdi manyovr teplovozi bilan to'qnashib ketdi”, — deyiladi xabarda.

    Qayd etilganidek, mashinist zudlik bilan poyezdni to'xtatishga muvaffaq bo'ldi, biroq to'qnashuvning oldini olishning iloji bo'lmadi. Favqulodda xizmatlarning РИА Новостиga aniqlik kiritishicha, to'qnashuv tasodifiy bo'lgan.

    Harakatlanuvchi tarkibning relsdan chiqib ketishi kuzatilmagan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, 25 nafar yo'lovchi kichik jarohatlar bilan shifokorlarga murojaat qilgan. Barchasiga yordam ko'rsatildi va ularni kasalxonaga yotqizishga ehtiyoj tug'ilmadi, deya ma'lum qildi Ulyanovsk viloyati Sog'liqni saqlash boshqarmasi.

    “Rossiya temir yo'llari” qo'pol qoidabuzarlikka yo'l qo'yilgani va kompaniya ichki audit o'tkazayotganini aytdi.

    Tergov qo'mitasi tomonidan temir yo'l transportida xavfsizlik va ekspluatatsiya qoidalarini buzganlik moddasi bo'yicha jinoiy ish qo'zg'atilgan, deb xabar beradi ria.ru.