Uchrashuvda nafaqat yosh tadbirkorlarni, balki yurtimizdagi barcha biznes odamlarini oʻylantirib kelayotgan muammolar koʻtarildi. Aksariyatiga muloqot jarayonining oʻzidayoq yechim topildi.
Tadbirkorlik sohasi uchun taqdim etilgan imtiyozlar, aytilgan taklif va mulohazalar barchamiz uchun kutilganidan ham koʻp va keng qamrovli boʻlganini alohida taʼkidlab oʻtishni istardim. Chunki, bugun yaratilayotgan imkoniyatlar, taqdim qilinayotgan imtiyozlar ortidan halol rizq izlagan, mehnat qilgan, dunyo kezgan xalqimiz, xususan, tadbirkorlar, hunarmandlar, ishbilarmonlar qadri yurtimizda yanada yuksalib borayotir.
Intilgan, izlangan, mehnat qilgan inson elda aziz. “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi ham mana shunday intiluvchan yoshlarning biznes bilan shugʻullanishiga koʻmaklashish, ish oʻrinlari yaratish va yigit-qizlar bandligini taʼminlash maqsadida ularning biznes tashabbuslari va loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlab keladi.
Jumladan, oʻtgan besh yilda 8 ming 705 yigit-qizning istiqbolli loyihalariga qulay shartlar asosida 1 trillion 858,9 milliard soʻm miqdorida kredit ajratildi. Shu bilan birga 31,4 milliard soʻmlik loyihalarga “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi kafilligi taqdim etilishi natijasida 42 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratildi. Faoliyatimiz davomida yoshlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash bilan bir qatorda, sohaga oid bilim va koʻnikmalarini ham oshirish lozimligi, ularga “baliq emas, qarmoq berish zarur”ligiga amin boʻldik.
Jamgʻarmamiz 2021-yildan boshlab yoshlarning tadbirkorlik sohasida muvaffaqiyatga erishishiga koʻmaklashish maqsadida 20 dan ortiq yoʻnalishda faoliyat olib borib, koʻplab loyihalar amalga oshirildi. Xususan, joylarda tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagidagi yoshlar uchun 5 mingdan ziyod biznes-seminar, 100 mingdan ziyod yoshlar uchun muntazam biznes sayohatlar tashkil etildi. Nufuzli biznes trener, ekspert va tadbirkorlar ishtirokida tashkil etilgan treninglarda 115 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etdi. 12 ming 275 nafar yigit-qiz tadbirkorlik kurslarida oʻqitildi. Shundan 2 ming 355 nafarining 61,7 milliard soʻm qiymatidagi loyihalarini moliyalashtirishga koʻmaklashildi. Yoshlarni talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb-hunarga masofaviy oʻqitish maqsadida www.e-kasb.uz platformasi ishga tushirildi.
Shuningdek, yoshlarni tadbirkorlikka faol jalb qilish, biznes yuritish koʻnikmalarini oʻrgatish, gʻoya va loyihalarini hayotga tatbiq etishiga koʻmaklashish uchun yurtimizning barcha hududi, jumladan, chekka tuman va mahallalarda “Biznes marafon” treninglari tashkil etildi.
Shu kunga qadar “Biznes marafon” loyihasiga 100 ming nafardan ziyod yigit-qiz qamrab olindi. Unda yurtimiz va xorijda ishbilarmonlik sohasida muvaffaqiyat qozongan vatandoshlarimiz, tajribali tadbirkorlar va biznes trenerlar, jumladan, Hasan va Husan Mamasaidov (“Deli.uz”, “Dekos.uz”, “Mfaktor” loyihalari asoschilari), Umidjon Eshmuhammedov (“Edu-Action” asoschisi), Murod Nazarov (“NRG” va “Nest One” asoschisi), Laziz Adhamov (“SAP Uzbekistan” mintaqaviy direktori), Feruz Allayev (“Asaxiy.uz” internet doʻkoni asoschisi), Sherzod Beknazarov (“Yaskanamu”, “Alvon” tekstil brendlari asoschisi), Muhammad Ali Eshonqulov (“Yuksalish” akademiyasi asoschisi), Ibrohim Gʻulomov (“PCG” konsalting kompaniyasi asoschisi), Rahmat Sobirov (Kanadadagi “Sobirovs Law firm” yuridik firmasi asoschisi), Shuhrat Xoltayev (AQSHdagi “Marriott autograph collection” kompaniyasi tezkor boshqaruv direktori) va boshqalar boy tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.
Kelgusida taniqli tadbirkorlar, biznes ekspertlar, yirik korxona vakillari va yoshlar uchrashuvini yurtimizning barcha hududida, olis qishloqlaru shaharlarda muntazam tashkil qilmoqchimiz. Ular oʻz tajribasi asosida bilim va koʻnikmalar ulashib, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish subyektlariga biznes sayohatlarni uyushtiradi. Mazkur loyihani muntazam oʻtkazib borishning dolzarbligini birgina misolda tushuntirish mumkin.
Bu yil 1 milliondan ziyod yoshlar OTMlarga oʻqishga hujjat topshirdi. Shundan 642 mingdan ziyodi avvalgi yillari maktabni bitirgan. Oliy taʼlim muassasasiga kira olmagan, hali ishga joylashmagan yoshlarda hayotiy tajribaning yoʻqligi baʼzan pand berib qoʻyadi. Shu bois, ularni oʻz holiga tashlab qoʻyib boʻlmaydi. Bu toifadagi yigit-qizlar bilan doimiy shugʻullanish, ularning muammolarini oʻrganish bizning vazifamiz.
Yoshlarimiz bamisoli bir nihol. Agar u kerakli vaqtda va zarur joyga ekilsa, oʻz mahalida sugʻorilib, parvarishlansa moʻl hosil olish mumkin. Bu ishlar bajarilmasa, nihol oddiy tayoqligicha qolib ketaveradi. Bugungi yigit-qizlar fitratida yashiringan qobiliyat ham aslida bir nihol. Uni parvarishlab, oʻstirib, moʻl-koʻl hosil olish va bahramand boʻlish mumkin.
“Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi esa oʻsha “nihol”ni topish, uni parvarishlashga koʻmaklashish maqsadida kelajak haqida rejalar tuzayotgan, qaysi yoʻldan yurish kerakligi haqida bosh qotirayotgan yoshlar hamda ularga yoʻl koʻrsata oladigan, namuna boʻladigan faol tadbirkorlar oʻrtasida doimiy muloqotni taʼminlaydigan koʻprik vazifasini bajaradi.
Xayrulla SATTOROV,
“Yoshlar - kelajagimiz” jamgʻarmasi ijrochi direktori