2021-2022 o‘quv yili davomida yoshlarda sportga bo‘lgan havas va intilishni, jamiyatda sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini yanada kuchaytirish, yosh iqtidorli sportchilarni tanlab olish, ularda professional mahorat va ko‘nikmalarni rivojlantirish, sport turlari bo‘yicha mamlakat terma jamoalariga sport zaxirasini tayyorlash, o‘quvchilarni sport mashg‘ulotlariga uzluksiz jalb etishga qaratilgan “Umid nihollari - 2022” sport musobaqalari o‘tkazildi.
Joriy yilning 23-27 avgust kunlari respublikamizning barcha hududlarida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilgan “Umid nihollari - 2022” sport musobaqalarining final bosqichida 7 mingdan ortiq o‘quvchi g‘olib bo‘ldi. Ana shu g‘olib va sovrindorlar hamda ularning 716 nafar murabbiylarini taqdirlash marosimi tantanali ravishda o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bugun taqdirlash marosi Toshkent viloyatining Olmaliq shahridagi Olmaliq kon metallurgiya kombinatining sport majmuasida “Yoshlik va sport bayrami” sifatida nishonlanadi.
Bayram tadbirida jami 509 nafar o‘quvchi hamda 51 nafar jismoniy tarbiya fani o‘qituvchi — murabbiylariga esdalik sovg‘alari topshiriladi.
1-o‘rinni egallagan o‘quvchilarning har biri noutbuk, 2-o‘rin televizor, 3-o‘rin velosiped va 1-3-darajali medal, diplom va kuboklar, shuningdek, ularni musobaqalarga tayyorlagan o‘qituvchi - murabbiylari sport ekipirovkalari bilan taqdirlanadi.
Umumjamoa hisobida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoaga esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi sifatida “Damas” rusumli avtomashina topshiriladi.