“Umid yogʻdusi” – umidli yoshlarning sara maqolalari jamlangan toʻplam

    Madaniyat 2 Mart 2021 899

    Tomchida quyosh aks etadi. Ha, bugun qoʻliga qalam olib, katta maqsadlar, ezgulik gʻoyasini badiiy soʻzga marvarid shodasidek qadab kelayotgan ijodkorlar, havasmand qalamkashlar, yosh jurnalistlarimiz bor ekan, ijod boʻstonimizda quyosh oʻzining tarovatini sochadi, umidli qalblardan chiqqan soʻzlar esa yogʻdu boʻlib porlayveradi.

    Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishga qaratilgan “Yosh yuraklar sadosi” loyihasi doirasida navbatdagi “Umid yogʻdusi” toʻplamini nashrdan chiqardi.

    Bugun Milliy matbuot markazida ushbu kitobning taqdimoti hamda toʻplamga kiritilgan ijodkorlar bilan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

    Kitobda oltmish nafarga yaqin yosh jurnalistlarning 2020-yili davlatimiz rahbarining tegishli farmon va qarorlari ijrosi doirasida, topshiriqlari asosida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash, roʻy bergan tabiiy va texnogen ofatlarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, bu jarayonda mehr-oqibat, sabr-toqat, birdamlik, hamjihatlik va saxovatpeshalik kabi xalqimizga xos boʻlgan qadriyatlarning oʻrni va ahamiyati, bugungi kunning qahramonlari – shifokorlar va xalqimiz manfaatlari yoʻlida murakkab karantin sharoitida ham oʻz faoliyatini toʻxtatmagan fidoyi insonlar haqidagi eng sara maqolalari ham oʻrin olgan.

    Taqdimotni Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi oʻrinbosari Xolmurod Salimov kirish soʻzi bilan ochdi va olib bordi.

    – Oʻtgan 2020-yil nafaqat yurtimiz, balki butun dunyo ahli uchun ogʻir, sinovli yil boʻldi. Koʻplab kasb egalari oʻz faoliyatini vaqticha toʻxtatishga toʻgʻri keldi. Yurtimizda koronavirus kasalligi avj olgan, tabiiy va texnogen ofatlar roʻy bergan shunday ogʻir, karantin sharoitida ham shifokorlar, favqulodda vaziyatlar tizimi va boshqa sohalar xodimlari kabi jurnalistlar ham karantin qoidalariga rioya qilgan holda oʻz faoliyatini davom ettirdi, dedi u. – Ular orasida yosh jurnalistlarimiz koʻpchilikni tashkil etadi. Bugun taqdimoti oʻtkazilayotgan “Umid yogʻdusi” toʻplamimizga oʻtgan sinovli yil davomida yoshlarimiz tomonidan yozilgan eng sara ijod namunalari kiritilgan.

    Shuningdek, tadbirda filologiya fanlari nomzodi, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi boshqaruvi aʼzosi Halim Saidov va yosh ijodkorlar Shahobiddin Musayev, Gʻulomjon Mirahmedov, Otabek Isroilov, Dilobar Mamatova, Yulduz Oʻrmonova va boshqalar soʻzga chiqdilar va tengdoshlarini yangi toʻplam bilan tabriklab, ijodiy parvozlar tilashdi.

    Islom ASILBEKOV,

    Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mutaxassisi.