Umra mavsumi qachondan boshlanishi maʼlum boʻldi

    Ziyoratchilarimiz Madina shahrida 3 kun, Makka shahrida esa 7 kun boʻladi. Mavsum davomida tajribali ishchi guruh va imom-xatiblardan iborat ellikboshilar hamda malakali shifokorlar hamyurtlarimizga hamroh boʻladi.

    Bu haqda Oʻzbekiston musulmonlar idorasi xabar berdi.

    Musulmonlar idorasining xabariga koʻra, shu yilning 10-sentyabr kunidan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan tashkil etiladigan “Umra – 2024”ning navbatdagi mavsumi boshlanadi. Hamyurtlarimiz "Uzbekistan Airways" AJ aviakompaniyasi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarda Saudiya Arabistoniga olib boriladi.

    Madina shahrida “Grand Shahba”, Makka shahrida esa “Marmara Group Hotel” mehmonxonalarida yurtdoshlarimiz istiqomat qiladilar. Mehmonxonalar 3-4 oʻrinli boʻlib, 3 mahal taomlar, shirinlik va sarxil mevalar tortiq qilinadi.

    Mazkur shaharlarda muborak qadamjolarga ziyorat tashkil etilib, mehmonxonalarda tibbiyot punktlari, transport xizmati va ishchi guruhlari shtablari 24 soat davomida faoliyat yuritadi. Safar yakunida esa zam-zam suvi hadya qilinadi.