Umra safari boʻyicha notoʻgʻri talqinlar tarqalmoqda

    Ijtimoiy hayot 2 Sentabr 2023 2117

    Diniy qoʻmita munosabat bildirdi

    Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-avgustdagi 345-sonli “Umra tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi.

    Qoʻmitaning qayd etishicha, shu kunlarda ijtimoiy tarmoq sahifalarida mazkur qarordagi ayrim jihatlar boʻyicha shaxsiy qarashlarga asoslangan notoʻgʻri talqinlar tarqalmoqda.

    “Aslida mazkur qaror asosida endilikda mamlakatimizda xususiy sektor tomonidan umra tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish imkoniyati yaratilayotgani keltirilgan”, — deyiladi munosabatda.

    Unga koʻra, turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining umra xizmatlarini koʻrsatish faoliyati boʻyicha quyidagi qoʻshimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etiladi:

    • 100 ming AQSH dollaridan kam boʻlmagan mablagʻlarni Turizm qoʻmitasining Xavfsiz turizm jamgʻarmasiga zaxira qilib qoʻyish;
    • umra xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassislarini tayinlash;
    • umra xizmatlarini koʻrsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha respublika taʼlim muassasasi yoki Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi boʻlgan kamida bir nafar mutaxassisning boʻlishi;
    • umra xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga koʻrsatmaslik;
    • umra xizmatlarini Saudiya Arabistoni podshohligidagi hamkor tashkilot oʻrtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish.

    2023-yil 1-oktyabrdan umra xizmatlarini koʻrsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etiladi. Baholash tizimi Turizm qoʻmitasining maxsus saytida eʼlon qilib boriladi.

    Qarorda belgilangan qoʻshimcha litsenziya talab va shartlari 2023-yil 1-noyabrdan qoʻllaniladi.

    “Qarordagi umra xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga koʻrsatish taqiqlanishi qatʼiy belgilab qoʻyilgan boʻlsa-da, biroq mazkur jihatni turli assotsiatsiya va vakolatga ega boʻlmagan shaxslar tomonidan shaxsiy qarashga asoslangan holda notoʻgʻri talqin qilinishi – odamlarni chalgʻitishga sabab boʻlmoqda. Aslida Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-avgustdagi 345-sonli qaroriga muvofiq umra xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga koʻrsatish taqiqlanadi.

    Oʻz navbatida, mazkur qarorni sharhlash va shaxsiy qarashni ommaga singdirish turli assotsiatsiya va shaxslarning vakolatiga kirmasligini maʼlum qilamiz”, — deya taʼkidlanadi munosabatda.