Ikki oyda noqonuniy ravishda Umra tadbirlarini tashkil etgan 20 ga yaqin turfirmaga chora koʻrildi. Bu haqda Din ishlari boʻyicha qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.
Qoʻmita hamda mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda Haj va Umra ziyoratlarini qonunga xilof ravishda tashkil etishning oldini olish maqsadida tekshiruvlar oʻtkazildi. Natijada, aniqlangan holatlarni tartibga solish boʻyicha tashkiliy-huquqiy choralar koʻrilmoqda.
Xususan, Umra litsenziyasiga ega boʻlmasdan xizmat koʻrsatayotgan 31 ta sayyohlik firmasi masʼullariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Umra faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirgan 24 ta turfirmada esa tekshiruv oʻtkazilib, ularning 19 tasiga 75 mln soʻmdan jarimalar qoʻllanildi. Shundan 5 tasi “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunchilikka asosan Raqobat qoʻmitasiga va Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonuniy koʻrib chiqish uchun yuborildi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita ushbu xizmatlarni litsenziyaga ega boʻlmagan tadbirkorlar koʻrsatishi hamda fuqarolarni Saudiya Arabistoniga umra vizasiz yuborish taqiqlanishini eslatmoqda.
Fuqarolardan Umra safariga borishdan oldin har qanday “turfirma”ning qoʻmita tomonidan taqdim etilgan “Umra litsenziyasi” mavjudligini surishtirish, koʻngilsiz holatlarga tushib qolmaslik uchun ishonchli va kafolatlangan xizmatlardan foydalanish tavsiya etilmoqda.
Bundan tashqari, Haj tadbiri Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi oʻrtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi. Bunday faoliyat bilan boshqa tashkilotlarning shugʻullanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.