O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 8 avgustdagi “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o'tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga muvofiq endilikda mamlakatimizda mahalliy turoperatorlar tomonidan “Umra” tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish imkoniyati yaratilmoqda.
Qarorga muvofiq, turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining “Umra” xizmatlarini ko'rsatish faoliyati bo'yicha quyidagi qo'shimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etiladi:
– 100 ming AQSH dollaridan kam bo'lmagan mablag'larni Turizm qo'mitasining Xavfsiz turizm jamg'armasiga zaxira qilib qo'yish;
– “Umra” xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O'zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko'nikmalarga ega bo'lgan mutaxassislarini tayinlash;
– “Umra” xizmatlarini ko'rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) ta'lim yo'nalishlari bo'yicha respublika ta'lim muassasasi yoki O'zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat ta'lim yo'nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo'lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo'lishi;
– “Umra” xizmatlarini voyaga etmagan fuqarolarga ko'rsatmaslik;
– “Umra” xizmatlarini Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkor tashkilot o'rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish.
2023-yil 1-oktyabrdan “Umra” xizmatlarini ko'rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etiladi. Baholash tizimi Turizm qo'mitasining maxsus saytida e'lon qilib boriladi.
Qarorda belgilangan qo'shimcha litsenziyaning talab va shartlari 2023-yil 1-noyabrdan amalda bo'ladi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-avgustdagi 345-sonli qaroriga muvofiq “Umra” xizmatlarini voyaga etmagan fuqarolarga ko'rsatish taqiqlanadi.