“Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish uchun litsenziya olish talablarini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilingan edi.
Qaror talablariga muvofiq, shu vaqtgacha mamlakatimizda jami 12 ta turistik firma “Umra” tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha litsenziyaga ega boʻldi.
Lekin huquq-tartibot idoralari tomonidan joylarda oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida mazkur oʻrnatilgan talablarni chetlab oʻtib, fuqarolarni “Umra” safariga yuborishga urinish holatlari aniqlandi.
Jumladan, Margʻilon shahrida yashovchi M.A. vakolati boʻlmasada Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi 5 nafar fuqaroni “Umra” ziyoratiga yuborishini aytib, xizmati evaziga 5700 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Uchkoʻprik tumanida faoliyat yurituvchi turistik firma rahbari O.M. tegishli litsenziyaga ega boʻlmasada, 2 nafar fuqaroni “Umra” ziyoratiga yuborish evaziga 2500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Qoʻqon shahrida kuzatilgan holatda, mahalliy turistik firma ish yurituvchisi A.J. 2 nafar fuqaroni aldab, ularni “Umra” ziyoratiga yuborish evaziga 2400 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.