Bu haqda Oʻzbekiston Umra ziyoratlari Assotsiatsiyasi maʼlum qildi

Assotsiatsiya vakilining aytishicha, Saudiya Arabistoni Podshohligi 5-maydan Umra safariga viza berishni  toʻxtatgan.

“Doimiy tartib shunday. Umra safariga viza berilishi Muharram oyigacha yaʼni 20-iyulgacha toʻxtatilgan. Bu haqda Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vazirligi rasman eʼlon bermagan boʻlsa-da, amalda viza berish toʻxtatildi”, — deyiladi Assotsiatsiya axborotida.

Qoʻshimcha qilinishicha, 15-maydan eʼtiboran Makka shahriga kirish ham rasman toʻxtatiladi va faqatgina Makkada yashash ruxsatnomasi bor insonlargina shaharga kiritiladi.

Maʼlumot uchun, 2019-yilda 2,6 millionga yaqin kishi Haj ziyoratini ado etgan. Biroq pandemiya fonida qirollik rasmiylari 2020 va 2021-yillarda faqat cheklangan miqdordagi ziyoratchilarga, 2022-yilda esa 1 million kishiga Hajga kelishga ruxsat bergan. Shu bilan birga, 2022-yilda faqat 18 yoshdan 65 yoshgacha boʻlgan, toʻliq emlangan yoki koronavirusga qarshi immunitetga ega, surunkali kasalliklari boʻlmagan shaxslar Haj ziyoratini ado etishi mumkin edi. Keyinchalik bu cheklov olib tashlandi.