Soʻnggi kunlarda Telegram messenjeridagi turli guruh va sahifalarda “Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchi uch nafar xotin-qizning haj safariga borgan paytida Makka shahrida barcha musulmonlar namozga ketgan vaqtida doʻkondan tilla taqinchoqlarni oʻgʻirlagani, Arabistonga kelsa oʻgʻirlik qilgani uchun qoʻlini chopishlari, kelmasa kallasini chopib Arabistonga olib borishlari toʻgʻrisida”gi ovozli xabarlar keng tarqaldi.

Mazkur ovozli xabarda nomlari keltirib oʻtilgan fuqarolarning Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga qilgan murojaatiga asosan olib borilgan tekshiruvlar natijasida ushbu ovozli xabarlarni tarqatgan shaxslar aniqlandi, deya xabar beradi Xorazm viloyati IIB axborot xizmati.

Dastlabki surishtiruvlar jarayonida ular ushbu ovozli xabarlarni hech qanday asossiz tarqatishgani maʼlum boʻlgan.

Qayd etilishicha, hozirgi paytda ovozli xabarlarni tarqatgan shaxslarning xatti-harakatlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.