Vazirlar Mahkamasining 24.04.2024-yildagi “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini ekspluatatsiya qilish ishlarini autsorsing asosida xususiy sektor tomonidan amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 233-son qarori qabul qilindi.
2024-yil 1-yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda uzunligi 20 kmgacha boʻlgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektorni jalb qilish boʻyicha loyihalar amalga oshirilmoqda (10.10.2023-y. PQ-330-son).
Hujjat bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini ekspluatatsiya qilish ishlarini autsorsing asosida xususiy sektor tomonidan amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi:
- autsorserni aniqlash, shartnoma tuzish va hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi;
- autsorsing xizmatlarini moliyalashtirish tartibi;
- autsorsing xizmati koʻrsatilishi yuzasidan nazorat qilish tartibi;
- shuningdek autsorser va buyurtmachining huquqlari va majburiyatlari.
Autsorser davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq eng yaxshi takliflarning davlat xaridlari elektron tizimi orqali amalga oshiriladigan tanlash yoki tender savdolari asosida aniqlanadi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini autsorsing asosida ekspluatatsiya qilish ishlari 2024-yil 1-maydan boshlab Davlat byudjetidan Avtomobil yoʻllari qoʻmitasiga umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini taʼmirlash, ekspluatatsiya qilish hamda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish va ularning oldini olish ishlariga ajratilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 24.04.2024-yildan kuchga kirdi.