“Yangi O‘zbekiston” nashri muxbirining xabar qilishicha, tadbir ZOOM videokonferensaloqa platformasi orqali amalga oshirildi. Unda taʼlim sohasidagi siyosatni ishlab chiquvchi masʼul xodimlar, Oʻzbekiston viloyatlaridagi oʻqituvchilar, shuningdek xalqaro ekspertlar umumiy oʻrta taʼlim sohasida milliy oʻquv dasturini ishlab chiqish, oʻqitish metodikasi va baholash borasidagi masalalarni muhokama qildi.

“Soʻnggi oʻn yillikda inson resurslari eng qimmat kapital sifatida turmush tarzini yaxshilovchi jamiyatni rivojiga xizmat qiladigan omilga aylanmoqda”, — dedi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi direktori Shuhrat Sattorov. “Ishonch bilan aytish mumkinki, bugun insoniyat duch kelayotgan barcha muammolarning yechimi ham, ertangi farovon hayotimizning kafolati ham sifatli taʼlimdir”, — deya qayd etdi u.

Tadbir davomida, xalqaro ekspertlar jahon darajasidagi ilgʻor tajribalar bilan oʻrtoqlashib, Oʻzbekistonda umumiy oʻrta taʼlim sifatini oshirish boʻyicha tavsiyalar berishdi.

Xususan, UNICEFning Oʻzbekistondagi taʼlim boʻlimining rahbari Dipa Shankarga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘ylab bolalar va o‘smirlarning qariyb 56 foiz matematika, 58 foizi o‘qish fanlaridan minimal bilim darajasiga erishmagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, taʼlim tizimidagi chuqur islohotlar koʻp vaqt talab etadi, biroq ular yoshlarining bilim va koʻnikmalarini oshirish orqali mamlakatning inson kapitalini rivojlantirishga uzoq muddatli taʼsir koʻrsatadi.

Qayd etilishicha, konferensiyaga umumiy oʻrta taʼlim sifatini oshirishga oid 2500 ga yaqin tezis, maqola va boshqa hujjatlar kelib tushgan. Shulardan 200 tasi Xalq taʼlimi vazirligi va Respublika Taʼlim markazining rasmiy veb-saytlari va ijtimoiy tarmoq platformalarida joylashtiriladigan konferensiya materiallari elektron toʻplamiga kiritish uchun tanlab olindi.