Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi elektron shahodatnomalarni berish tartibi belgilandi

    Hukumat qarori (44–son, 31.01.2023-y.) bilan Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi elektron shahodatnomalarni berish tartibi haqidagi nizom tasdiqlandi.

    Nizomga koʻra, bitiruvchilarga quyidagi turdagi shahodatnomalar beriladi:

    ▫️tayanch oʻrta taʼlim toʻgʻrisida shahodatnoma (9-sinf);
    ▫️tayanch oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi aʼlo darajali shahodatnoma (9-sinf);
    ▫️umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnoma (11-sinf);
    ▫️umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida (kumush medal bilan) shahodatnoma (11-sinf);
    ▫️umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi aʼlo darajali (oltin medal bilan) shahodatnoma (11-sinf);
    ▫️psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabni (maktab-internat) tamomlaganlik toʻgʻrisidagi sertifikat.

    Shahodatnoma oʻzbek va ingliz tillarida shakllantiriladi.

    Buyurtma berish va shahodatnomani shakllantirish “Elektron shahodatnoma” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

    Bunda har yili 1-dekabrgacha bitiruvchi haqida tegishli maʼlumotlar platformaga kiritilib, buyurtma shakllantiriladi.

    Shahodatnomalar bitiruvchilarga har yili 20-iyunga qadar beriladi.

    Bitiruvchilar shahodatnomani elektron platformadan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritish orqali bepul yuklab oladi.

    Qarorga koʻra, 2022/2023 oʻquv yili yakunidan “Elektron shahodatnoma” axborot tizimiga bitiruvchilar haqidagi maʼlumotlar kiritib boriladi.