Umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismi “keshbek” sifatida qaytarib beriladi

    Bunda oylik aylanmasining 60 foizini naqd pulsiz amalga oshirgan korxonalarga QQSning 40 foizi toʻlangan zahoti qaytariladi. Agar naqd pulsiz aylanma 60 foizdan kam boʻlsa, “keshbek” 20 foiz boʻladi.

    Xizmatlarda ulushi eng katta sohalardan biri, bu – umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari.

    Davlatimiz rahbari ularning eng katta muammosi QQS va ishchilar hisobini yuritish ekanidan xabardorligini taʼkidladi.

    Shu bois 1-yanvardan umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismi tadbirkorga “keshbek” sifatida qaytarib beriladi. Bunda oylik aylanmasining 60 foizini naqd pulsiz amalga oshirgan korxonalarga QQSning 40 foizi toʻlangan zahoti qaytariladi. Agar naqd pulsiz aylanma 60 foizdan kam boʻlsa, “keshbek” 20 foiz boʻladi.

    QQS toʻlashga oʻtgan restoran va kafelarga foyda soligʻi 2 karra kamayadi. 1-dekabrdan bu korxonalar naqd pulga sotib olgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini kirim qilishda hech qanday hujjat talab qilinmaydi.

    Ularga bahor va yoz mavsumida oʻzlariga tutash maydonlarda stol-stul va soyabon qoʻyib ishlashga ruxsat beriladi. Restoran va kafelar ishchilar bilan qisqa muddatli, soddalashgan mehnat shartnomasini tuzishi mumkin boʻladi.

    Xuddi shu kabi 1-oktyabrdan mehmonxona va turoperatorlarga ham toʻlangan QQSning 20 foizi “keshbek” qilib beriladi.