Umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyatiga karantin cheklovlari tatbiq etilmaydigan holatlar belgilandi

    Mamlakatimizda 9 Avgust 2021 3795

    Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yigʻilishida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash jarayonlarini jadallashtirish masalasi muhokama qilindi.

    Joriy yil 2-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni bilan karantinli va xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi sharoitida aholini profilaktik emlash tartibi belgilandi.

    Pandemiya bilan bogʻliq murakkab epidemiologik vaziyatda ishbilarmonlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida koʻp sonli tadbirkorlarning iltimos va murojaatlarini inobatga olib, umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyati uchun belgilangan cheklovlarni yumshatish maqsadida, aholini ommaviy emlash koronavirusning yangi toʻlqinlarining oldini olishning muhim omili ekanligini hisobga olib, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini pandemiya sharoitida har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va emlash jarayonlarini yana-da jadallashtirish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan:

    2021-yil 10-avgustdan eʼtiboran:

    - umumiy ovqatlanish obyektlari – restoran, kafe, oshxona va choyxonalarning ishchi va xodimlari (salomatligi boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlgan xodimlari bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qatʼi nazar) kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi toʻgʻrisidagi sertifikati boʻlgan taqdirda, ularga nisbatan soat 8:00 dan 20:00 gacha hamda faqat ochiq havoda faoliyat koʻrsatishi bilan bogʻliq karantin cheklovlari tatbiq etilmasligi belgilandi.

    - Bunda umumiy ovqatlanish obyektlariga koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganligi toʻgʻrisidagi QR-kodi yoki sertifikati mavjud boʻlgan tashrif buyuruvchilarni kiritish tavsiya etiladi (salomatligi boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlganlar bundan mustasno).

    2021-yil 1-oktyabrdan boshlab:

    - tadbirkorlik va xizmat koʻrsatish subyektlarining ishchi va xodimlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar (salomatligi boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlganlar bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qatʼi nazar) kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi toʻgʻrisidagi sertifikati boʻlmagan taqdirda, ularning faoliyat koʻrsatishi vaqtinchalik toʻxtatiladi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.