Unga koʻra, 2025–2030-yillarda umummilliy birdamlik bogʻlarini tashkil etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
2025-yil 15-maygacha istirohat bogʻlarining namunaviy loyihasi ishlab chiqiladi hamda tasdiqlanadi.
Namunaviy loyiha ishlab chiqish va ularni tashkil etishda quyidagilar nazarda tutiladi, jumladan:
— bogʻlarning 60 foiz hududida yashil maydon sifatida daraxt va butalar ekish, piknik zonalar, yosh bolalar uchun maxsus jihozlangan qumloqlar, ochiq osmon ostidagi kichik kutubxonalar, tasviriy va amaliy sanʼat bilan shugʻullanish hududlari hamda tashrif buyuruvchilar tinchligini buzmaydigan boshqa elementlar orqali sokin hududlar tashkil etish;
— sokin hududlarni tashkil etishda daraxt va butalarga zarar yetkazmaslik va nobud qilmaslik maqsadida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali qoʻriqlanadigan chegaralarni belgilash hamda daraxtlarni sugʻorish tizimini qayta koʻrib chiqish va uning samarali faoliyatini taʼminlash;
— velosiped yoʻlakchalari, bolalar attraksionlari va oilaviy dam olish uchun boshqa obyektlarni oʻz ichiga olgan oilaviy madaniy dam olish maydonlarini barpo etish.