Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimi nima uchun kerak?

    Ta'lim 28 Oktabr 2020 10842

    Mamlakatimizda oʻquvchilarning umumtaʼlim fanlarini oʻzlashtirish darajasini yana-da yaxshilash muhim vazifalardan biri.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 12-oktyabrdagi “Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim hujjat boʻldi.

    Shu oʻrinda savol tugʻiladi: umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish bizga kerakmi? Albatta. Chunki millat kelajagi yosh avlod qoʻlida boʻlib turgan bir paytda ularning ertangi kuni, taʼlim-tarbiyasiga eʼtibor har qachongidanda dolzarb. Bu borada ertamiz egalarining fanlarni oʻzlashtirish darajasini bilish, salohiyatini baholash, qiziqishini aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi.

    Qarorga asosan, aynan oʻqitish sifati va oʻquvchilarning salohiyatini baholash maqsadida “Bilim va koʻnikmalarni baholash markazi” nodavlat taʼlim tashkiloti tashkil etish koʻzda tutilgan. Markaz zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilgan:

    – xalqaro eʼtirof etilgan baholash metodikasidan kelib chiqqan holda, umumtaʼlim maktablarida taʼlim sifatini baholashning zamonaviy usullarini ishlab chiqish;

    – umumiy oʻrta taʼlimda berilayotgan bilim va koʻnikmalar sifatini tizimli baholash uchun nazorat ishlari materiallarini ishlab chiqish;

    – taʼlim sifatini baholash boʻyicha dasturiy mahsulot ishlab chiqish;

    – Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlari va muassasalari buyurtmasiga koʻra saralash, qabul qilish va yakuniy imtihonlarni oʻtkazish;

    – taʼlim muassasalarida pedagogik faoliyat olib borish huquqini beruvchi taʼlim litsenziyalari va sertifikatlarini joriy etish.

    Shuningdek, oʻqituvchi va oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalarini baholash, oʻquvchilarning qiziqishlarini aniqlab, ularni mustaqil fikrlashga undash, taʼlim tizimidagi yutuq va kamchiliklarni aniqlash, oʻqituvchilarning oʻz faoliyatiga oʻzgartirishlar kiritishini taʼminlash, ota-onalarga farzandlarining oʻzlashtirish darajasi haqida maʼlumot berish markazning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

    Bunda baholash tizimi qanday samara beradi?

    Bilim va koʻnikmalarni baholash oʻquvchilarning oʻqishga ongli ravishda munosabatda boʻlish, ongli intizom, qiyinchiliklarni yengish, oʻzida metin irodani oʻstirish, atrofdagilariga nisbatan talabchan boʻlishni oʻrgatadi.

    Umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilar oʻzlashtirgan bilimlarini baholash, ularni oʻquv darsliklarida berilgan materiallarni puxta oʻrganib olishlariga va fanlarga qiziqishini orttiradi.

    Oʻquvchi va oʻqituvchilarning bilimi va bajargan ishlaridagi kamchiliklari sezilishi natijasida mazkur kamchiliklarni bartaraf etish choralari belgilanadi. Aynan bu jarayonda oʻquvchilar keng fikr yuritishga, oʻquv materiallarini asoslashga, mulohaza yuritish va isbotlashni oʻrganadilar.

    Bu bilan oʻquvchi bilimidagi kamchiliklarni toʻldirishga, har bir masalaning asl mohiyatini anglashga, materiallarni tushunishga keng imkoniyat yaratiladi. Oʻquvchining oʻqishga ishtiyoqi va nutqining oʻsish darajasi oʻrganiladi.

    Taʼlim jarayonida oʻqituvchi va oʻquvchining faoliyati uygʻunligi taʼminlanadi. Oʻz bilimining boshqalar tomonidan haqqoniy va toʻgʻri baholanishiga ishonch xosil qilgan oʻquvchida taʼlim olishga boʻlgan qiziqish yana-da ortadi.

    Hozirda oʻqituvchilar oʻquvchilarning bilim darajasini baholashda kiyinchilik va muammoli vaziyatlarga duch kelmoqda, chunki ular eski usullardan foydalanadi. Yaʼni baholash oddiygina savol va javob tarzida olib borilishi oʻquvchilarning fanga boʻlgan qiziqishini susaytirishga sabab boʻladi.

    Baholash oʻquvchida oʻzlashtirish saviyasi necha foiz ekanligini koʻrsatib beradi. Nafaqat oʻzlashtirganlik saviyasini, balki taʼlim oluvchilar ichida iqtidorli va qobiliyatli oʻquvchilarni aniqlashda ham muhim omil sanaladi.

    Boshlangʻich sinfdan boshlab taʼlim sifatini va bilimni baholash bolaning intellektual imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishga asos boʻladi. Oʻqituvchidan ham tinimsiz izlanishni, yangi texnologiya va metodlardan foydalanishni chuqur oʻzlashtirishni talab etadi.

    Darhaqiqat, oʻquvchilar bilimini baholashning anʼanaviy tizimi bir qancha nuqsonlarga ega ekanligi sir emas. Shunday ekan, uni yana-da takomillashtirish maqsadga muvofiq boʻladi. Bunda nafaqat ilgʻor pedagogik mahoratga ega va baholash mezonlarini ham yaxshi oʻzlashtirgan, balki kreativ fikrlay oladigan oʻqituvchilarga ehtiyoj oshishi hech kimga sir emas.

    Bilim va koʻnikmalarni baholash natijasida darslikdagi materiallarning qaysi biri oson yoki qiyin oʻzlashtirilishi aniq boʻladi. Oʻquvchi oʻz xohishiga monand darsga ijodiy tayyorgarlik koʻradi. Qaysi oʻquv materiallari qoniqarliligi bilinadi.

    Oʻquvchilarning darslikda koʻrsatilgan materiallarni tushunishi, anglashi, amalda qoʻllay olishi va oʻz bilimiga tanqidiy baho berish darajasi aniqlanadi. Nafakat oʻquvchining, balki oʻqituvchining ham kuchli va kuchsiz tomonlari, bilim salohiyati va kamchiliklari aniqlanadi.

    Mana shu yoʻldan oqilona va toʻgʻri foydalanilsagina, oʻz-oʻzidan umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash va davlat namunasidagi sertifikatni olish uchun test topshirgan har bir abituriyentda ijobiy va yaxshi koʻrsatkichlar boʻlishiga erishiladi. Testlar ularning dars jarayonida oʻqigan va intellektual imkoniyatlarini hisobga olgan holda tashkil etilsa, yuqori samaradorlikka erishiladi.

    Taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish jarayonida oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalarini eng samarali metod va vositalar yordamida nazorat qilish hamda baholash muhim ahamiyatga ega.

    Baholash tizimi orqali oʻquvchilarning fanlarni oʻzlashtirishida boʻshliqlar hosil boʻlishining oldi olinadi. Jahon yoshlari bilan tengma-teng raqobatlasha oladigan, kuchli bilim va tafakkurga ega avlod shakllanadi.

    Mohinur QUDRATULLAYEVA