Unda tariximiz, o'zligimiz mujassam...

    Humo qushi qadimdan baxt, davlatmandlik ramzi, erk, saodat, himmat, olijanoblik, omad timsoli hisoblangan.

    O'zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o'z davlat ramzlari — bayrog'i, gerbi va madhiyasiga ega. Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, tinchligi va barqarorligi timsoli bo'lib, el-yurtimizning g'ururi, iftixori bo'lgan bu ramzlarda tariximiz, boy ma'naviy-madaniy merosimiz, milliy urf-odat va an'analarimiz o'z ifodasini topgan.

    Bundan roppa-rosa 29 yil avval, ya'ni 1992-yil 2-iyulda O'zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to'g'risida”gi qonun qabul qilingan edi. Mazkur hujjatda Davlat gerbi mustaqilligimiz ramzlaridan biri ekani huquqiy asosda mustahkamlab qo'yilib, uning qanday ko'rinishga egaligi yaqqol ifodalab berildi. Qonuning 4-moddasiga muvofiq, Davlat gerbi tasviri O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohlari, Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, respublika davlat boshqaruvi organlari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi va Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarining old tomoniga joylashtirildi. Shuningdek, oliy ramzimiz tasviri muhrlarda va davlat idoralari sarvaraqlarida, rasmiy nashrlarda, qog'oz va tanga pullarda, qimmatli qog'ozlar va fuqarolar pasportida hamda qonunda belgilangan boshqa o'rinlarda aks ettirildi.

    Milliy ramzlarimiz Vatanimiz suvereniteti, xalqimizning nafaqat azaliy umid va istaklari, balki porloq kelajagi timsollari bo'lgani tufayli ularni hurmat qilish, asrash barchamizning fuqarolik burchimizdir. Zero, “O'zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to'g'risida”gi qonunning 8-moddasida “O'zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek O'zbekistonda turgan boshqa shaxslar O'zbekiston Respublikasining Davlat gerbini hurmat qilishlari shart”, deb belgilab qo'yilgan.

    Binobarin, Davlat gerbi mamlakatning siyosiy, milliy, geografik, etnik va boshqa o'ziga xos xususiyatlari, boy tarixiy an'analarini ifodalaydi. Undagi har bir timsol esa milliy an'ana va qadriyatlarimizning boqiyligi, ma'naviyatimiz yuksakligi, iroda va e'tiqodimiz mustahkamligi ramzidir.

    Gerbdagi har bir rang, har bir belgida muayyan ramziy ma'no bor. O'ng tomondagi paxta va g'arq pishgan bug'doy boshoqlari xalqimizning mehnati halol, rizqi butun ekanligini ifodalasa, gerbning yuqori qismida mamlakatimiz jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan. Unda o'z ifodasini topgan yarimoy qo'lga kiritilgan mustaqilligimizni, yulduz esa xalqimiz hamisha komillikka intilishi hamda saodatga eltuvchi yo'lni tanlaganini bildiradi.

    Baxt va erksevarlik timsoli hisoblangan afsonaviy Humo qushi qadimdan baxt, davlatmandlik ramzi, erk, saodat, himmat, olijanoblik, omad timsoli hisoblangan. Hazrat Alisher Navoiy “Lison ut-tayr” dostonida Humoni baxt va iqbol, ezgulik hamda ulug'vorlik keltiruvchi qush sifatida tasvirlagan. Ushbu ramzlar va timsollar xalqimizning tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yo'lidagi orzu-umidlarini ifodalaydi. Undagi gullagan vodiy uzra nur sochayotgan quyosh tasviri zaminimizning serquyoshligiga, xalqimiz intilayotgan nurafshon manzillarga ishoradir.

    Gerb tasviri muhrlarda va davlat idoralari blankalarida, rasmiy nashrlarda, qog'oz va tanga pullarda, qimmatli qog'ozlar va fuqarolik pasportida, qonunda belgilangan boshqa hujjatlarda aks ettirilgan. Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaro davlat ramzlari, shu jumladan, O'zbekiston Respublikasining Davlat gerbiga hurmat bilan munosabatda bo'lishi qonunchilik bilan belgilab qo'yilgan.

    O'zbekiston xalqlarining shon-sharafi, g'ururi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o'zida mujassamlashtirgan gerbimiz jonajon Vatanimizning betakror timsoli, o'ziga xos va o'ziga mos davlat ramzlaridan biri bo'lib qolgani bekorga emas. Chunki, gerbimiz ham O'zbekistonimiz kabi betakror. Undagi har bir tasvir, hatto har bir chiziqda mamlakatimiz salohiyati, xalqimizning ezgu orzu-umidlari mujassam.

    Barcha davlat ramzlari qatori gerb ham xalqimizning g'ururi, or-nomusi, milliy o'zligini anglashi va tarixiy xotirasi hamda orzu-umidlarini o'zida mujassam etadi. U oliy saodat — Istiqlolimiz ramzi, o'zini shu yurt farzandi deb bilgan har bir inson uchun cheksiz faxru iftixor manbaidir. Shunday ekan, o'zini mana jannatmakon yurt va tabarruk zamin farzandi deb bilgan har bir inson davlat ramzlarimizni Vatanimiz kabi aziz va muqaddas deb bilishi, e'zozlashi kerak.

    Aktam HAITOV,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

    Spikeri o'rinbosari