Shunga binoan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Chilonzor tumanida joylashgan oʻnta umumiy oʻrta taʼlim maktabini otaliqqa oldi.
Keyingi yillarda har bir maktabning reytingi bitiruvchilarining oliy oʻquv yurtlariga kirish koʻrsatkichi bilan belgilanmoqda. Shu bois otaliqqa olingan maktablarning direktorlari bitiruvchi sinf oʻquvchilarini test sinovlariga tayyorlashda koʻmak soʻrab universitet maʼmuriyatiga murojaat qilgan.
Ushbu masala yuzasidan universitet rektori Alisher Umarov maktab direktorlari va bitiruvchi sinf oʻquvchilari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Har bir oʻquvchi bilan alohida suhbatlashib, kelgusi reja va maqsadlari bilan qiziqdi.
Muloqot yakuniga koʻra otaliqqa olingan maktablarning jami 74 nafar bitiruvchi sinf oʻquvchisi shu yilning fevralidan boshlab bepul oʻquv mashgʻulotlarini boshlaydi. Bundan avval ular universitetning tayyorlov boʻlimida oʻz qiziqishlariga mos tegishli taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha dastlabki bilim darajasini aniqlovchi test sinovlarini topshiradi.
Odatda universitetning tayyorlov boʻlimida tinglovchi-abituriyentlar toʻlov asosida oʻquv mashgʻulotlarida qatnashadi. Biroq mazkur oʻquvchilarning taʼlim xarajatlari universitet ilmiy kengashining qarori bilan byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan qoplanadi.