Universitet rektori Osiyo chempionini taqdirladi

    Sport 3 Fevral 2022 1881

    Xabar berilganidek, joriy yil 20-30-yanvar kunlari Toshkent shahrida boks boʻyicha 22 yoshgacha boʻlgan yigit va qizlar oʻrtasida Osiyo chempionati boʻlib oʻtdi.

    Musobaqada yurtimiz sharafini himoya qilgan Qarshi davlat universiteti talabasi Azizbek Tojiyev (-71 kg) vazn toifasida finalda qirgʻizistonlik raqibini magʻlub etib, oltin medalni qoʻlga kiritdi.

    Bugun Qarshi davlat universitet Kengashida universitet rektori, Kengash raisi D.Nabiyev chempionni gʻalabasi bilan samimiy tabriklab, unga 10 million soʻm pul mukofotini topshirdi.

    Azizbek Tojiyev bilan muloqot chogʻida QarDU rektori D.Nabiyev sportchini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirib, kelgusida olimpiya oʻyinlari va jahon chempionatlarida yurtimiz bayrogʻini baland koʻtarishiga ishonch bildirdi.

    Kengashda, shuningdek, ilmiy daraja va unvon olgan oʻqituvchilar ham taqdirlandi, deb xabar beradi Qarshi davlat universiteti matbuot xizmati.