Mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalari faoliyatining tobora yaxshilanishi, ularda yangi imkoniyatlar salmogʻining oshib borayotgani, umuman olganda, oliy taʼlim tizimi oʻz sifat va samaradorlik koʻrsatkichlarini tobora yuksaltirib borayotgani, albatta, quvonarli holdir. Tizimning yangitdan isloh qilinishi esa oʻz taʼlim sifati, ilmiy salohiyatini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratgan oliygohlar nomi xalqaro maqomda eʼtirof etilishiga zamin boʻlmoqda. Bu borada Fargʻona davlat universitetida soʻnggi yillarda erishilayotgan katta natijalar, ayniqsa, xalqaro miqyosdagi eʼtiroflar koʻngillarni togʻdek yuksaltiradi.
Butun dunyoda alohida nufuz va qimmatga ega boʻlgan, xalqaro shaffof reyting sanalgan Buyuk Britaniyaning Times Higher Education — “THE” reytingida Fargʻona davlat universiteti imkoniyatlarining yuqori baholangani ham buning yorqin dalilidir. Eng eʼtiborlisi, dunyo universitetlarining BMT – “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga (SDGs) muvofiqligini baholovchi ushbu global reyting natijalari universitetimiz salohiyati sifatli taʼlim, gender tengligi, munosib ish oʻrinlari va iqtisodiy oʻsish hamda tinchlik, adolat, samarali boshqaruv singari 14 ta yoʻnalishlar boʻyicha yuqorilaganini koʻrsatdi va Fargʻona davlat universiteti yuqori koʻrsatkichlar bilan 1000+natijani qayd etdi. Bu esa soʻnggi yillarda mamlakatimiz oliy taʼlim tizimidagi rivojlanishlar, xususan, Fargʻona davlat universitetida taʼlim sifatiga qaratilgan jiddiy eʼtibor va olib borilayotgan nihoyatda toʻgʻri, oʻrinli harakatlarning samarasidir.
Aytishimiz kerakki, bugun Fargʻona davlat universiteti mamlakatimizdagi bir qator oliy taʼlim muassasalari kabi yangi-yangi imkoniyatlar, yangilanishlar va ilmiy yuksalishlar maydoniga aylandi. Chunonchi, universitetimizning butun dunyo boʻylab xalqaro hamkorlari safi tobora kengayib, oliygoh ilmiy salohiyatining oʻsib borayotgani, oʻqitish tizimi xorijiy tajribalar asosida mukammallashtirilayotgani, xalqaro oliy taʼlim muassasalari bilan birgalikda qoʻshma fakultetlar tashkil etilayotgani, shuningdek, talaba-yoshlarning yangi ilm ufqlarini egallashga intilayotganlari, bu borada ularning bilim va salohiyatini keng miqyosda namoyish etishlari uchun yetarli imkoniyatlar yaratilayotgani buning yaqqol dalilidir.
Fidoyi mehnat va intilishlar samarasi sifatida universitetitiz nomining xalqaro darajada eʼtirof etilib, uning faoliyatiga munosib baho berilayotgani barchamizning kuchimizga kuch, gʻayratimizga gʻayrat qoʻshish bilan birga, albatta, jamoamizning har qaysi aʼzosiga juda katta masʼuliyat ham yuklaydi. Zero, oldinda universitetimiz intilgan ulkan marralar, katta maqsadlarimiz bor. Umid qilamizki, oʻzining har tomonlama mos rivojlanish yoʻlini belgilab olgan otaxon oliygohimiz yildan yilga oʻsishda, xalqaro eʼtirof va natijalarga erishishda davom etadi. Albatta, bu yoʻlda har birimiz oʻz ilmiy izlanishlarimiz, oʻquv va maʼnaviy sohadagi mehnatimiz bilan jonajon universitetimizga qanot boʻlmogʻimiz juda muhimdir.
Sharifa ISKANDAROVA,
Fargʻona davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi