Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori ham aynan yuqoridagi ezgu maqsadlar ijrosini taʼminlashga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir. Xususan, qarorda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari etib taʼlim tashkilotlarida maʼnaviy tarbiyaning uzviyligini taʼminlash, targʻibot-tashviqot va tarbiya yoʻnalishidagi ishlarni ilmiy asosda tashkil etish, soha boʻyicha ilmiy va uslubiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini joriy qilish, el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urugʻ-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga masʼuliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalarining belgilanganligi oliy taʼlim muassasalari oldida ham dolzarb vazifalar turganligini anglatadi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markaziga oliy taʼlim tizimi va boshqa tuzilmalar kesimida maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarning monitoringini olib borish, aniqlangan muammolarni hal etish boʻyicha ilmiy asoslangan tarbiya texnologiyalari, taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, maʼnaviy tarbiya va ijtimoiy-gumanitar fanlar boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni tashkil etish, ularning natijalari amaliyotga tatbiq qilinishini muvofiqlashtirish vazifasini yuklanganligi bu borada OTMlarini ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishda markaz bilan samarali hamkorlik qilish lozimligini koʻrsatmoqda.
Qarorda “Maʼnaviyat targʻibotchisi” taʼlim muassasasi negizida Markaz huzurida Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar institutini tashkil etish belgilangan. Namangan davlat universitetida ham ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasidagi tadqiqotlarni muvofiqlashtirib boruvchi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar markazi tashkil etildi. Ayni paytda 21 nafar tayanch doktorantlarning tadqiqot ishlari mavzulari ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar sirasiga kirishini taʼkidlash joiz.
Shuningdek, qarorda davlat oliy taʼlim muassasalari va ularning filiallarida, talabalar sonidan qatʼi nazar, yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor (direktor oʻrinbosari) lavozimining joriy etilgani OTMlarida bu boradagi ishlar samaradorligi oshishiga xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihat. Qarorda 2021/2022-oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tizimining tegishli taʼlim yoʻnalishlari oʻquv rejalariga bakalavriat bosqichida “Maʼnaviyatshunoslik”, magistratura bosqichida “Kasbiy maʼnaviyat” fanlari kiritilishi hamda magistratura taʼlim bosqichida “PR-menejer” mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlanishining belgilanganligi maʼnaviy-maʼrifiy sohada ham kelgusida zamonaviy axborot texnologiyalar asosida targʻibot yurituvchi malakali kadrlarni yetishib chiqishiga imkon beradi.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ayni vaqtida qabul qilingan mazkur qaror maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tubdan takomillashtirish, oliy taʼlim muassasalarining bu jarayonda faol ishtirokini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa biz, ziyolilarga yuksak ishonch bilan birga sharafli masʼuliyat yuklaydi.
Narimon DEHQONOV,
Namangan davlat universiteti
yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektor