Universitetlar vakillari oʻzaro fikr almashdi

    Ta'lim 11 Avgust 2020 18675

    Joriy yilning 2020-yil 10-11-avgust kunlari Toshkent davlat yuridik universiteti, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va xorijiy taʼlim dargohlari hamkorligida universitetlararo onlayn konferensiya tashkil etildi.

    «Yangi demokratiya sharoitida konstitutsionalizm konsolidatsiyasi: Yevroosiyo istiqbollari» mavzuidagi anjumanda yurtimiz ilmiy hamjamiyati hamda rasmiy doiralar vakillari bilan birgalikda Nagoya universitetining Osiyo huquqiy almashinuv markazi va Oliy huquq maktabi (Yaponiya), Melburn universiteti (Avstraliya), Regensburg universiteti (Germaniya) ekspertlari ham ishtirok etdi.

    Videokonferensiyani TDYUU rektori Rahimjon Hakimov ochib berdi. Davlatimiz rahbarining 2020-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni hamda unda belgilangan vazifalar xususida soʻz yuritildi. Yurtimizda yuridik fan va taʼlim sifatini oshirishda dunyoning yetakchi universitetlari bilan yaqindan hamkorlik qilish gʻoyat muhimligi taʼkidlandi.

    Ilmiy-amaliy munozara sessiyalari davomida ekspertlar Yevroosiyo mintaqasi davlatlarida konstitutsiyaviy va maʼmuriy huquqning rivojlanish jarayoni, inson huquqlarini konstitutsiya hamda qonunlar asosida himoya qilish masalalarini muhokama qildi. Mavzuga doir bir qator asosli taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

    Bildirilgan fikr-mulohazalar umumlashtirilib, kelgusida huquqshunoslar uchun ilmiy va oʻquv materiallarini tayyorlashda foydalaniladi.

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi