UpStream BPO Sirdaryo viloyatida yangi vakolatxonasini ochmoqchi

    Ta'lim 19 Aprel 2024 810

    IT Park vakillari Malayziyaning mashhur UpStream BPO autsorsing kompaniyasi asoschisi Ahmad Qayum bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Maʼlumki, UpStream BPOning Malayziya va Singapurda 5 000 nafardan ortiq xodimlari hamda ofislari mavjud.

    Uchrashuv davomida bosh direktor Ahmad Qayum Oʻzbekistonning Sirdaryo viloyatida yangi ofis ochish va uning Markaziy Osiyodagi faoliyatini kengaytirish rejasini aytib oʻtdi.

    Oʻzbekistonda yangi ofis ochish qarori UpStream BPOning rivojlanayotgan bozorlarga chiqish va Markaziy Osiyoda oʻsib borayotgan iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanish strategiyasiga mos keladi. Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston oʻzining strategik jihatdan qulay geografik joylashuvi va dinamik iqtisodiy oʻsishi tufayli ham mahalliy, ham xalqaro bozorlarga xizmat koʻrsatish uchun eng qulay joy hisoblanadi.

    UpStreamning Sirdaryodagi yangi BPO boʻlimi asosiy eʼtiborni inson resurslari, moliyaviy texnologiyalar, kiberxavfsizlik va umumiy biznes jarayonlarini autsorsing kabi bir qancha muhim biznes funksiyalarga qaratishni rejalashtiryapti. Yurtimizdagi kadrlar salohiyati va taʼlim tizimi bilan yaqindan tanishish maqsadida INHA universiteti bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda kelgusida mutaxassislarni birgalikda tayyorlash va keyinchalik ularni Oʻzbekistondagi UpStream BPOda ishga joylashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Taʼkidlash joizki, mahalliy isteʼdodlar jamgʻarmasidan foydalangan holda, UpStream BPO global miqyosda raqobatbardosh boʻlgan yuqori sifatli autsorsing xizmatlarini taqdim etishga intiladi.

    Ahmad Qayum Oʻzbekistonga tashrifi doirasida MAAB Innovation kompaniyasiga ham tashrif buyurdi. MAAB Innovation bilan uchrashuv hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan boʻlib, muzokaralar davomida tomonlar MAAB Innovation bitiruvchilarini yangi UpStream BPO ofisiga jalb etishga qaror qildi. Uchrashuv soʻnggida aloqalarni mustahkamlash va malakali kadrlar oqimining uzluksiz kelishini taʼminlaydigan hamkorlik memorandumini imzolashga qaror qilindi. Bundan tashqari mehmonlar “Unicall” kompaniyasida uchrashuv tashkil etilib, unda hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama etildi, deb xabar beradi it-park.uz.

    Yangi ofisning ochilishi Oʻzbekistonning axborot texnologiyalari sohasidagi eksport salohiyatini sezilarli darajada oshirishi, shuningdek, yuqori sifatli ish oʻrinlarini yaratish orqali mahalliy iqtisodiyotga ijobiy taʼsir koʻrsatishi kutilyapti.