Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatlarni imzolash marosimida “Uzbekistan Airports” kompaniyasi boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxodjayev, “Incheon International Airport Corporation” prezidenti Li Xak-Chje va Urganch xalqaro aeroporti direktori Oybek Matkarimov ishtirok etdi. Tadbir Oʻzbekiston transport vaziri Ilhom Maxkamov boshchiligida oʻtkazildi.
Javlonbek Umarxodjayev taʼkidlashicha, Janubiy Koreya bilan hamkorlik Oʻzbekiston aeroportlari infratuzilmasini rivojlantirishda yangi sahifa ochadi. “Ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifati oshishi mamlakatimizning tranzit salohiyatini kuchaytiradi”, — dedi u.
Bitim doirasida xususiy sherik yoʻlovchi va yuk terminallarini qurish hamda boshqarish, yerda xizmat koʻrsatish uchun masʼul boʻladi. Davlat sherigi esa aerodrom majmuasi — uchish-qoʻnish yoʻlagi va perronni qurish hamda boshqarishni amalga oshiradi.
Maʼlumot uchun, 2024-yil 30-avgustdagi Prezident qarori asosida “Qurish, boshqarish va topshirish” (BOT) modeli boʻyicha tender eʼlon qilingan edi. Tender natijasiga koʻra, Inchxon xalqaro aeroportini boshqaruvchi Janubiy Koreyaning “Incheon International Airport Corporation” gʻolib deb topildi.
Inchxon xalqaro aeroporti — Janubiy Koreyaning asosiy aeroporti boʻlib, Shimoliy-Sharqiy Osiyoning yirik transport markazlaridan biri hisoblanadi. 2024-yilda u 80 milliondan ortiq yoʻlovchiga xizmat koʻrsatgan va bir necha bor dunyodagi eng yaxshi aeroportlar roʻyxatida yuqori oʻrinlarni egallagan.