Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Avval xabar qilinganidek, Urganch xalqaro aeroporti uchish-qoʻnish yoʻlagi rekonstruksiya qilinishi munosabati bilan 2024-yilning 20-iyulidan 7-avgustiga qadar yopiladi.
Rekonstruksiya davrida barcha rejalashtirilgan reyslar Nukus xalqaro aeroportiga yoʻnaltiriladi. "Uzbekistan Airports" yoʻlovchilarga Nukus va Urganch aeroportlari oʻrtasida bepul transfer xizmatini taqdim etadi. Avtobuslar yoʻlovchilarni joʻnab ketishda ham, uchib kelishda ham manzil aeroportiga olib boradi.
Urganchdan Moskvaga HY-9615 reysi bilan uchayotgan yoʻlovchilar Urganch aeroportiga soat 23:00 da yetib kelishlari lozim. Jadvalga koʻra, avtobuslar yoʻlovchilarni Urganch aeroportidan soat 23:30 da olib ketadi. Soat 02:30 da yoʻlovchilar Nukus aeroportiga yetkaziladi va u yerdan Moskvaga uchishadi. Moskvadan qaytgan yoʻlovchilarni Nukusdan Urganchga yetkazish jarayoni ham xuddi shunday tashkil etiladi. Nukus aeroportida chegara nazoratidan oʻtib, yuklarni qabul qilib olgan yoʻlovchilarni Urganchga yoʻl oladigan avtobuslar kutib turadi.
Har bir alohida yoʻnalish boʻyicha toʻliq avtobuslar qatnovi jadvalini ushbu havola orqali topish mumkin, — deyiladi xabarda.