Tanlov natijasida Incheon International Airport Corporation (Janubiy Koreya) gʻolib deb topildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar qildi.

2024-yilning 1-avgustida “Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish” loyihasini “Qurish-boshqarish-topshirish” (BOT) boʻyicha ochiq tender eʼlon qilingan edi, tanlov ikki bosqichda boʻlib oʻtdi: malaka soʻrovi (RfQ) va takliflar soʻrovi (RfP). Tenderda sakkizta kompaniya ishtirok etdi, ulardan beshtasi ikkinchi yakuniy bosqichga oʻtdi, shundan soʻng idoralararo tender komissiyasi gʻolibni aniqladi.

Taʼkidlanishicha, DXSH loyihasi aeroportni modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasini birgalikda amalga oshirishni nazarda tutadi. Xususiy sherik yoʻlovchi va yuk terminallarini qurish va boshqarish, shu jumladan, yerda xizmat koʻrsatish ishlarini amalga oshiradi. Davlat sherigi aerodrom majmuasini qurish va boshqarish (uchish-qoʻnish yoʻlagi, perron) uchun javobgarlikni oʻziga oladi. Loyihaga koʻra keyingi qadam 19-yillik konsessiya muddatini oʻz ichiga olgan DXSH shartnomasini tuzish boʻladi.

«Tanlov gʻolibi boʻlgan Incheon xalqaro aeroporti nafaqat Koreya Respublikasining asosiy havo darvozasi, balki Shimoliy-Sharqiy Osiyodagi eng yirik transport markazlaridan biri boʻlib, u bir necha marotaba dunyoning eng rivojlangan va gavjum aeroportlari 10 taligiga kirgan. 2024-yil yakunlari boʻyicha aeroport 70 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatgan. Urganchdagi loyihani amalga oshiradigan jamoa Xorazm aeroportini yoʻlovchilar uchun eng zamonaviy va qulay aeroportlardan biriga aylantirib, mintaqaning xorijlik sayyohlar uchun jozibadorligini oshirishiga va umuman, Oʻzbekiston aviatsiya sohasini rivojlantirishga hissa qoʻshishiga ishonamiz» — deya izoh berdi Uzbekistan Airports kompaniyasi.

Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish boʻyicha davlat-xususiy sheriklik loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi PQ-308-son qarori ijrosi doirasida Uzbekistan Airports AJ tomonidan Transport hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.