YAngilik va ilmga intilgan, ezgu g'oyalar bilan maydonga chiqqan jadid bobolarimiz millatning ertasini ko'zladi. eng og'ir tuzum tebranishlarida ham ma'rifat ulashish maqsadida yondi. Ular vatanparvar va taraqqiyparvar edilar. Afsus, ular yo'qotildi, izi o'chirildi. Lekin bugun jadidlar yashaydigan qalblar bor, ma'rifatga tashna jadidchi izdoshlar bor, adabiyotlar xazinasi bor.
SHunday xazinalardan biri sifatida Urganch davlat pedagogika institutida “Jadidlar bog'i” tashkil etildi. U nafaqat ma'rifatparvarlik namoyandalari bo'lgan jadidlarimiz siymosi va hikmatli so'zlarini o'zida jamlagan hudud, balki talabalar uchun yashil tabiat qo'ynida kitob mutolaa qilinadigan ma'rifat maskaniga aylandi. Bog'da Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Sulaymon o'g'li CHo'lpon, Munavvarqori Abdurashidxonov, Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat va boshqa 20 dan ortiq jadid bobolarimiz siymosi o'rnatildi.
9 may — Xotira va qadrlash kuni bayrami arafasida institutda ushbu bog'ning ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Tadbirni institut rektori ochib berdi va jadidlarning millatparvarlik ruhida yozgan asarlari, yurt ravnaqi yo'lidagi fidoyiligi, ma'rifat va ilmga intilgani haqida so'zladi. YOshlarni ularning mazmunli ijod va umr yo'lidan namuna olishga chaqirdi.
Ochilish marosimida el ardog'idagi shoir-yozuvchilar, ko'p yillar yoshlarga bilim bergan nuroniy ustozlar ishtirok etdi. SHuningdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi rahbari Dilbar Bekchonova, YOzuvchilar uyushmasi viloyat bo'limi rahbari Gavhar Ibodullaeva, YOzuvchilar uyushmasi a'zolari, shoira Sayyora Samandarova, Qurbon Muhammadrizo so'zga chiqdi, deyiladi institut axborot xizmati xabarida.